Markaziy bank bank omonatlaridan olinadigan daromadga soliq solish bo‘yicha taklifga munosabat bildirdi.
Nazorat organining ma’lum qilishicha, mazkur masala yuzasidan rasmiy taklif kiritilmagan.
Omonatdan olingan daromadga soliq solish masalasi bo‘yicha bildirilgan fikr Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilgan. Ilmiy-tadqiqot muassasalarining xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni muntazam o‘rganib, turli tahliliy takliflarni ilgari surishi tabiiy holdir. Mazkur fikr ilmiy-tadqiqot natijalari taqdimoti doirasida bildirilgan bo‘lib, rasmiy taklif sifatida kiritilmagan — deyiladi Markaziy bank bayonotida.
Shuningdek, Markaziy bank takliflarni o‘rganishda ularning moliyaviy resurslar qiymatiga, banklarning resurs bazasi hamda moliyaviy barqarorligiga ta’sirini kompleks baholashga alohida ahamiyat qaratishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan Fiskal muloqot tadbirida Fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foizli daromadlarga 5 foizlik daromad solig‘ini joriy etishni taklif qilgandi.
Mazkur taklif ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilingandi.
