Uklon taksi xizmati Farg‘ona vodiysining beshta shahrida ishga tushirilmoqda

06.08.2026 11:31
O'zbekchaРусский
Uklon taksi xizmati O‘zbekistonda o‘z faoliyat doirasini kengaytirmoqda. 5-avgustdan xizmat Farg‘ona vodiysining beshta shahrida — Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan hamda Andijonda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Uklon taksi xizmati Farg‘ona vodiysining beshta shahrida ishga tushirilmoqda

Foto: Yandex Maps

Uklon taksi xizmati O‘zbekistonda o‘z faoliyat doirasini kengaytirmoqda. 5-avgustdan xizmat Farg‘ona vodiysida ish boshlaydi.

Bu haqda Spot nashri kompaniya matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, xizmat vodiyning beshta shahrida — Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan hamda Andijonda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Birinchi bosqichda kompaniya haydovchilarni ilovaga ulaydi. Shundan so‘ng, qatnov va yetkazib berish xizmatlariga buyurtma berish imkoniyati ochilishi aytilgan.

Qayd etilishicha, yil oxirigacha mazkur shaharlardagi haydovchilar uchun pasaytirilgan komissiya amal qiladi.

Haydovchilar Uklon Driver ilovasi orqali mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tib, platformaga ulanishi mumkin bo‘ladi.

Uklon Uzbekistan bosh menejeri Eduard Kovtun Farg‘ona vodiysida ish boshlash hududiy rivojlanishning muhim bosqichi ekanligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yirik shaharlarning yaqin joylashuvi va ular o‘rtasidagi aholi harakatining doimiyligi kompaniyaning ushbu qaroriga ta’sir ko‘rsatgan.

Ma’lumot uchun, hozirda Farg‘ona vodiysining yuqorida sanab o‘tilgan beshta shahrida Yandex Go taksi xizmati ham mavjud. Xizmat 2020-yildan bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyining o‘rtalarida WB Taxi xizmati Buxoro shahrida ishga tushirilgandi.

#uklon#farg'ona

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan