Buxoro shahrida WB Taxi xizmati ishga tushirildi

13.07.2026 06:39
O'zbekchaРусский
Buxoro shahrida WB Taxi xizmati rasman ishga tushirildi. Bungacha O‘zbekistonda ushbu xizmat Toshkent va Samarqand shaharlarida mavjud edi. Qamrov doirasiga ko‘ra, Buxoro shahrida xizmatga ulangan haydovchilar mavjud.
Buxoro shahrida WB Taxi xizmati ishga tushirildi

Foto: Wildberries

Buxoroda WB Taxi xizmati rasman ishga tushirildi. Xizmat faqat viloyatning Buxoro shahri hududini qamrab oladi.

WB Taxi qamrov doirasiga ko‘ra, hududda xizmatga allaqachon haydovchilar ulangan.

Skrinshot: WB Taxi

Foydalanuvchilar esa WB Taxi ilovasini yuklab olib, uning xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Yo‘lovchilar yo‘lkira haqini bank kartalari orqali to‘laganda, har bir safar uchun yo‘lkira narxining yarmi keshbek sifatida qaytariladi.

Yig‘ilgan keshbeklarni keyingi safarlarga sarflash mumkin. Ushbu xabar yozilayotgan vaqtda kompaniyaning mazkur aksiyasi amalda bo‘lib, yana qancha davom etishi ma’lum emas.

Ma’lumot uchun, Yandex Go taksi agregatori Buxoroda 2022-yilning aprel oyidan buyon faoliyat yuritadi.

Shuningdek, hududda yana bir qancha taksi agregatorlari ham xizmat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Wildberries kompaniyasi o‘zining WB Taxi xizmatini Toshkent shahrida 2025-yilning dekabr oyida ishga tushirgan edi.

Dastlabki bosqichda xizmat yopiq rejimda faoliyat yuritdi. 2026-yilning mart oyi o‘rtalariga kelib esa xizmat barcha uchun ochiq bo‘ldi.

Oradan bir necha oy o‘tib, kompaniya xizmat ko‘rsatish hududini kengaytirib, uni Samarqand shahrida ham ishga tushirdi.

Shunday qilib, Buxoro O‘zbekistonda WB Taxi xizmati ishga tushirilgan uchinchi shahar bo‘ldi.

#wb_taxi#buxoro

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan