Wildberries Toshkent shahrida WB Taxi xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot nashriga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, xizmat dastlabki bosqichda faqat yopiq obuna orqali ko‘rsatiladi.
Kompaniya bu orqali tizimdagi mavjud kamchiliklarni aniqlashni maqsad qilgan. Keyinchalik esa xizmat barcha uchun ochiq bo‘lishi rejalashtirilmoqda.
Biz mahsulotni tizimning barcha elementlari ishini sinchkovlik bilan kuzatib, bosqichma-bosqich ishga tushiramiz, — dedi WB Taxi rahbari Anatoliy Smorgonskiy.
Foydalanuvchilar sinov bosqichiga Android va iOS qurilmalari uchun WB Taxi ilovasini yuklab olgan holda mustaqil ariza orqali qo‘shilishlari mumkin.
Arizalar qabul qilingandan so‘ng, foydalanuvchilarga Standart, Komfort, Komfort Plyus hamda Multi tariflari taklif etiladi.
Oxirgi variant bir vaqtning o‘zida bir nechta tariflarda qidirish orqali avtomobilni taqdim etishni tezlashtirish imkonini beradi.
WB Taxi o‘rnatilganda har bir foydalanuvchi 20 ming so‘mga teng keshbek oladi. Keshbeklardan sayohatlarni to‘lash uchun foydalanish mumkin.
Shuningdek, naqdsiz to‘lovda ularga sayohat narxining 50 foizi miqdorida keshbek taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyining oxirida kompaniya O‘zbekistonda o‘zining WB taxi xizmatini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, WB Taxi joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan.
Uning direktori Wildberries kompaniyasining O‘zbekistondagi biznesiga rahbarlik qiluvchi Akmal Primqulov hisoblanadi.
