Samarqand shahrida WB Taxi xizmati rasman ishga tushirildi. Bu haqda Spot nashri kompaniya matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
Xizmat faqat Samarqand shahri hududini qamrab oladi. WB Taxi qamrov doirasiga ko‘ra, hududda xizmatga allaqachon haydovchilar ulangan.
.jpg)
Skrinshot: WB Taxi
Foydalanuvchilar esa WB Taxi ilovasini yuklab olgan holda uning xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
Birinchi bor ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga 20 ming so‘m miqdorida keshbek taqdim etiladi.
Shuningdek, har bir safar uchun yo‘lkira narxining yarmi keshbek sifatida qaytariladi. Yig‘ilgan keshbeklarni esa keyingi safarlarga sarflash mumkin.
Ushbu xabar yozilayotgan vaqtda kompaniyaning mazkur aksiyasi amalda bo‘lib, yana qancha davom etishi ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, Yandex Go taksi agregatori Samarqandda 2022-yildan buyon faoliyat yuritadi.
Shuningdek, hududda yana bir qancha taksi agregatorlari xizmat ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Wildberries kompaniyasi o‘zining WB Taxi xizmatini Toshkent shahrida 2025-yilning dekabr oyida ishga tushirgan edi.
Dastlabki bosqichda xizmat yopiq rejimda faoliyat yuritdi. 2026-yilning mart oyi o‘rtalariga kelib esa xizmat barcha uchun ochiq bo‘ldi.
Oradan bir necha oy o‘tib, kompaniya xizmat ko‘rsatish hududini kengaytirib, uni Samarqand shahrida ham ishga tushirdi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Wildberries kompaniyasi Rossiyadagi ikkita taksi agregatorini sotib olgani ma’lum bo‘lgandi.
