Mijozlar murojaatlari bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega banklar ro‘yxati e’lon qilindi

07.08.2026 11:38
O'zbekchaРусский
Markaziy bank mijozlar murojaatlari bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega tijorat banklari ro‘yxatini e’lon qildi. 2026-yil ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra, AVO Bank, BRB, Mikrokreditbank, TBC Bank, ANORBANK, InFinBank, Turonbank, Asakabank, Ipoteka-bank hamda Kapitalbank bu borada salbiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan.
Mijozlar murojaatlari bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega banklar ro‘yxati e’lon qilindi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Markaziy bank mijozlar murojaatlari bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega tijorat banklari ro‘yxatini e’lon qildi.

2026-yil ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Markaziy bankka banklar faoliyati yuzasidan jami 11 331 ta murojaat kelib tushgan. 

Mazkur murojaatlar soni banklarning mijozlari soniga nisbatan tahlil qilinib, murojaatlar bo‘yicha indeks ko‘rsatkichi shakllantirilgan.

Unga ko‘ra, quyidagi o‘nta bank bu borada salbiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan:

  • AVO Bank — 4,42
  • Biznesni Rivojlantirish Banki — 2,78
  • Mikrokreditbank — 2,69
  • TBC Bank — 2,63
  • ANORBANK — 1,84
  • InFinBank — 1,46
  • Turonbank — 1,46
  • Asakabank — 1,28
  • Ipoteka-bank — 1,09
  • Kapitalbank — 1,07

Hisoblash metodologiyasiga ko‘ra, yuqoridagi indeks bankning murojaatlar soni bo‘yicha bozordagi ulushini bank mijozlari soni bo‘yicha bozordagi ulushiga bo‘lish orqali hisoblangan.

Regulyatorning ta’kidlashicha, banklarda mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi bir qator masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.

Jumladan, mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berish, murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etish zarur.

Shuningdek, takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish lozim.

Markaziy bankning eslatishicha, indeks bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi, faqat mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi.

Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi.

Eslatib o‘tamiz, murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega tijorat banklari ro‘yxati Markaziy bank tomonidan 2026-yildan boshlab har chorakda e’lon qilib borilmoqda.

Birinchi chorakda quyidagi o‘nta bank bu borada salbiy ko‘rsatkichga ega deb topilgandi:

  • Biznesni Rivojlantirish Banki — 3,34
  • ANORBANK — 3,29
  • Mikrokreditbank — 3,23
  • AVO Bank — 2,16
  • TBC Bank — 2,06
  • Davr Bank — 1,85
  • Tenge Bank — 1,72
  • Asakabank — 1,26
  • Turonbank — 1,25
  • Agrobank — 1,22

Bundan ko‘rinadiki, ikkinchi chorakda Davr Bank, Tenge Bank hamda Agrobank reytingdan chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

InFinBank, Ipoteka-bank hamda Kapitalbank esa ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha reytingga yangi qo‘shilgan. Qolgan yettita bank esa joriy reytingda ham saqlanib qolgan.

Ulardan AVO Bank indeks ko‘rsatkichi yomonlashib, birinchi chorakdagi to‘rtinchi o‘rindan birinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

ANORBANK reytingi esa biroz yaxshilanib, ikkinchi o‘rindan beshinchi o‘ringa tushgan.

#banklar_murojaatlar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan