O‘zbekistonda jismoniy shaxslar banklardan 500 AQSh dollarigacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotib olishi mumkin bo‘ldi.
Ushbu yangi tartib 2026-yil 9-avgustdan kuchga kirgan. Bungacha shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etmasdan 100 dollargacha naqd valyuta sotib olish mumkin edi.
Shu tariqa, hujjatsiz valyuta sotib olish limiti 5 baravarga oshirildi. Miqdori 500 AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan chet el valyutasini naqd shaklda sotib olishda esa shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etish talabi saqlanib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, 10-avgustdan O‘zbekiston valyuta birjasida kunlik savdo vaqti 2 soatga uzaytirildi. Endilikda kunlik savdolar ish kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha davom etadi.
Shu sababli Markaziy bank tomonidan 74 ta xorijiy valyutaning so‘mga nisbatan rasmiy kursi soat 17:30 da (hozirda 16:00 atrofida) e’lon qilinadi.
.jpg)