Markaziy bank 2026-yildan boshlab har chorakda mijozlar murojaatlari bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega tijorat banklari ro‘yxatini e’lon qilib kelmoqda.
Birinchi chorak yakunlari bo‘yicha quyidagi o‘nta bank bu borada salbiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan.
- AVO Bank — 4,42
- Biznesni Rivojlantirish Banki — 2,78
- Mikrokreditbank — 2,69
- TBC Bank — 2,63
- ANORBANK — 1,84
- InFinBank — 1,46
- Turonbank — 1,46
- Asakabank — 1,28
- Ipoteka-bank — 1,09
- Kapitalbank — 1,07
Ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra esa quyidagi o‘nta bank bu borada salbiy ko‘rsatkichga ega deb topildi.
- Biznesni Rivojlantirish Banki — 3,34
- ANORBANK — 3,29
- Mikrokreditbank — 3,23
- AVO Bank — 2,16
- TBC Bank — 2,06
- Davr Bank — 1,85
- Tenge Bank — 1,72
- Asakabank — 1,26
- Turonbank — 1,25
- Agrobank — 1,22
Ikkinchi chorakda Davr Bank, Tenge Bank hamda Agrobank reytingdan chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
InFinBank, Ipoteka-bank hamda Kapitalbank esa ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha reytingga yangi qo‘shilgan.
Indeks qanday hisoblangan?
Markaziy bank murojaatlar indeksini bankning murojaatlar soni bo‘yicha bozor ulushini mijozlar soni bo‘yicha bozor ulushiga bo‘lish orqali hisoblagan.
Bunda bankning murojaatlar bo‘yicha bozor ulushi Markaziy bankka kelib tushgan murojaatlar sonining barcha banklarga tegishli murojaatlarning umumiy soniga nisbati orqali aniqlanadi.
Nazorat organining ta’kidlashicha, banklarda murojaatlar indeksining yuqori bo‘lishi bir qator masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.
Jumladan, mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berish, murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etish zarur.
Shuningdek, takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish lozim.
Markaziy bankning eslatishicha, indeks bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi, faqat mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi.
Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi.
Indeks qanchalik xolis?
Iqtisodchi Otabek Bakirov banklarda murojaatlar indeksini hisoblash metodologiyasiga o‘zgartirish kiritish kerakligini ta’kidlamoqda.
Uning fikricha, amaldagi metodologiya saqlanib qolsa, chakana mijozlari ko‘p bo‘lgan banklar murojaatlar antireytingida yuqori o‘rinlarda qolaveradi.
Chunki bunday banklarda mijozlar soni korporativ mijozlarga nisbatan yuzlab, hatto minglab baravar ko‘p bo‘lishi mumkin — dedi u.
Iqtisodchining ta’kidlashicha, ayrim korporativ mijozlarning murojaatlari ahamiyati yuz minglab chakana mijozlar murojaatlaridan yuqori bo‘lishi mumkin.
Shu sababli u metodologiyada bank mijozlarining korporativ va chakana segmentlari nisbatini hisobga olish yoki ular uchun alohida antireyting tuzish maqsadga muvofiq ekanini bildirdi.
