To‘lov tashkilotlari yarim yilda qancha sof foyda oldi?

13.08.2026 10:34
O'zbekchaРусский
2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qilgan 35 ta to‘lov tashkilotining ushbu davrdagi umumiy sof foydasi 983 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 1 trln 194 mlrd so‘mlik foydadan 210 mlrd so‘mga yoki 17 foizga kamdir.
To‘lov tashkilotlari yarim yilda qancha sof foyda oldi?

Foto: tanga.uz

2026-yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha mavjud 51 ta to‘lov tashkilotidan 35 tasi moliyaviy hisobotlarini e’lon qildi.

Shulardan 21 tasi ushbu davrni foyda bilan yakunlagan bo‘lsa, 14 tasi zarar ko‘rgan.

O‘rganilgan 35 ta kompaniyaning ushbu davrdagi umumiy sof foydasi 983 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Bu o‘tgan yilning mos davridagi 1 trln 194 mlrd so‘mlik foydadan 210 mlrd so‘mga yoki 17 foizga kamdir. 

Infografika: tanga.uz

Umumiy natijaning pasayishiga Uzum Nasiya savdo belgisi ostida ishlovchi Solution Lab aksiyadorlik jamiyatining joriy yarim yillikni 267 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagani sabab bo‘lgan.

Holbuki, kompaniya o‘tgan yilning mos davrida 312 mlrd so‘m sof foyda olib, to‘lov tashkilotlari ichida eng yuqori natijani qayd etgandi.

Kompaniyaning salbiy natija ko‘rsatishiga o‘tgan yilning mos davridagi 1 trln 948 mlrd so‘mlik sof tushumi joriy davrda keskin kamayib, 392 mlrd so‘mni tashkil etgani sabab bo‘lgan.

Shuningdek, ushbu davrda zarar ko‘rgan tashkilotlar soni ortgan. O‘tgan yilning mos davrida o‘rganilgan 35 ta tashkilotdan 10 tasi zarar qayd etgan bo‘lsa, joriy davrda 14 ta kompaniya zarar bilan yakunladi. Umumiy zarar miqdori esa o‘tgan yilning mos davridagi 17 mlrd so‘mdan 297 mlrd so‘mga yetgan.

Yarim yillikni Paynet kompaniyasi 615 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlab, birinchi o‘rinni egalladi. Kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 barobardan ko‘proq oshgan.

Keyingi o‘rinda O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi joylashdi. Birja bu davrda o‘z foydasini 34,7 mlrd so‘mga ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lgan.

Keyingi o‘rinlarni esa mos ravishda Payme hamda Click to‘lov tashkilotlari band qildi.

Aynan Paynet, Payme hamda Click kompaniyalari O‘zbekiston to‘lov tashkilotlari bozorining katta qismini egallab kelmoqda.

Joriy yarim yillikda ularning umumiy sof foydasi 971 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 522 mlrd so‘mlik umumiy sof foydadan qariyb 2 barobar ko‘p demakdir.

Beshinchi o‘rinni egallagan Zaytun Tech kompaniyasi ushbu davrda 25 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 74 mlrd so‘mga kamdir.

Undan keyingi o‘rinlarda joylashgan Alif hamda ATTO kompaniyalari esa bu davrda o‘z sof foydasini oshirishga erishgan.

Avvalroq, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha to‘lov tashkilotlarining moliyaviy natijasi haqida ma’lumot bergandik.

#to'lov_tashkilotlari#sof_foyda

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan