Bugungi kunda O‘zbekistonda 35 ta sug‘urta tashkiloti litsenziya asosida faoliyat yuritmoqda.
Ularning 28 tasi umumiy sug‘urta, 7 tasi esa hayot sug‘urtasi faoliyati bilan shug‘ullanadi.
tanga.uz ochiq manbalar asosida ularning yarim yillik moliyaviy natijalarini o‘rgandi.

Infografika: tanga.uz
2026-yilning birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, sug‘urta tashkilotlarining umumiy sof foydasi 505 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Bu o‘tgan yilning mos davridagi 314 mlrd so‘mlik ko‘rsatkichdan 192 mlrd so‘mga yoki 61 foizga ko‘pdir.
Umumiy sof foydaning 484 mlrd so‘mi (96 foizi) umumiy sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu davrni Alskom (-2,2 mlrd so‘m) hamda Prestige Insurance (-5,6 mlrd so‘m) sug‘urta tashkilotlari moliyaviy zarar bilan yakunlagan.
To‘qqizta kompaniyaning sof foydasi esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.
Bu davrda Apex Insurance sug‘urta tashkiloti 153,9 mlrd so‘m sof foyda ko‘rib, bu borada yetakchilik qildi.
Uning sof foydasi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 28,1 mlrd so‘mga ko‘paygan.
Ikkinchi o‘rinda joylashgan Euroasia Insurance sug‘urta tashkilotining sof foydasi 79 mlrd so‘mga ortib, 105 mlrd so‘mga yetgan.
Shu tariqa, kompaniya ushbu davrda umumiy foydaning ortishiga eng ko‘p hissa qo‘shgan.
Mazkur ikki kompaniyaning sof foydasi jami sof foydaning 51 foiziga teng bo‘lgan.
Keyingi eng ko‘p foyda olgan tashkilotlar Mosaic Insurance Group (33,4 mlrd so‘m) hamda Uzbekinvest (31,8 mlrd so‘m) sug‘urta kompaniyalari bo‘ldi.
Xususiylashtirilishi kutilayotgan O‘zagrosug‘urta kompaniyasi ushbu yarim yillikni 294 mln so‘m sof foyda bilan yakunladi.
Taqqoslash uchun, kompaniya o‘tgan yilning mos davrida 3,5 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgandi.
Hayot sug‘urtasi
Hayot sug‘urtasi bo‘yicha faoliyat yurituvchi yettita tashkilotning mazkur davrdagi umumiy sof foydasi 21 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Bu o‘tgan yilning mos davridagi 7,3 mlrd so‘mlik ko‘rsatkichdan qariyb 3 barobarga ko‘pdir.
TBC Sug‘urta kompaniyasi ushbu davrda 20,5 mlrd so‘m sof foyda olib, bu borada yetakchilik qilgan.
Kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 17 barobarga oshgan.
Avvalroq, sug‘urta kompaniyalarining birinchi chorak yakunlari bo‘yicha qancha sof foyda ko‘rgani to‘g‘risida ma’lumot bergandik.
