Alif fintex kompaniyasi Ineco Group fondidan 10 mln dollar jalb qildi

18.08.2026 16:55
O'zbekchaРусский
Alif fintex kompaniyasi Armanistonning Ineco Group investitsiya guruhidan mudoraba tamoyili asosida 10 mln dollar jalb qildi. Mazkur mablag‘ O‘zbekistonda Alif Nasiya xizmati orqali muddatli to‘lovlarni moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirishga yo‘naltiriladi.
Alif fintex kompaniyasi Ineco Group fondidan 10 mln dollar jalb qildi

Foto: Yandex Maps

Alif fintex kompaniyasi Armanistonning Ineco Group investitsiya guruhidan mudoraba tamoyili asosida 10 mln dollar jalb qildi.

Mablag‘ O‘zbekistonda Alif Nasiya xizmati orqali muddatli to‘lovlarni moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, bitim islomiy moliyalashtirish shakllaridan biri bo‘lgan mudoraba shartnomasi asosida tuzilgan.

Unga ko‘ra, bir tomon mablag‘ kiritsa, ikkinchi tomon uni boshqaradi va olingan foyda oldindan kelishilgan nisbatda taqsimlanadi.

Jalb qilingan 10 mln dollar Alif Nasiya orqali muddatli to‘lov xizmatlarini kengaytirishga sarflanadi.

Ushbu xizmat yordamida mijozlar maishiy texnikadan tortib, tibbiy va ta’lim xizmatlarigacha bo‘lgan tovar hamda xizmatlar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin.

Ineco Group — moliyaviy xizmatlar, fintex yechimlar va portfel investitsiyalari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro investitsiya guruhidir.

2024-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, guruh boshqaruvidagi aktivlar hajmi 2 mlrd dollarni tashkil etgan.

Alif esa O‘zbekiston, Tojikiston va Pokistonda loyihalarni amalga oshirayotgan Markaziy Osiyodagi yirik fintex kompaniyalaridan biridir.

Kompaniya O‘zbekistonda olti yildan buyon superilova (superapp) shaklidagi xizmatlarni taklif etib kelmoqda.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, u bozorga kirganidan beri O‘zbekistonga ulush va qarz shaklida 300 mln dollardan ortiq sarmoya jalb qilgan.

Avvalroq, Alif O‘zbekistonda moliyaviy lizing xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Alif Fintech” MChJ xorijiy korxonasini tashkil etgani ma’lum bo‘lgandi.

#alif_uzbekistan#ineco_group#mudoraba

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan