GoInvest platformasi Paynet nazoratiga o‘tayotgani rasman ma’lum qilindi. Rejalar qanday?

19.08.2026 10:47
O'zbekchaРусский
Paynet to‘lov tashkiloti GoInvest kompaniyasining nazorat paketini sotib olayotgani rasman e’lon qilindi. Paynet tomonidan rasman kompaniyaning 33,14 foiz ulushi sotib olingan, keyingi bosqichda ulushni 51 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
GoInvest platformasi Paynet nazoratiga o‘tayotgani rasman ma’lum qilindi. Rejalar qanday?

Paynet rahbari Anvar Isomuhammadov (chapda) bilan KAP DEPO va GoInvest asoschisi Farrux Xodjayev / Foto: KAP DEPO

Paynet o‘zining sho‘ba korxonasi FurtherIT MChJ orqali GoInvest kompaniyasining 33,14 foiz ulushini sotib oldi.

Bu haqda GoInvest ta’sischisi Kapital Depozit brokerlik kompaniyasi o‘zining rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, Paynet keyingi bosqichda kompaniyadagi ulushini 51 foizgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Paynet GoInvest platformasiga 17,2 mlrd so‘m miqdorida investitsiya kiritishi ham qayd etilgan.

Tomonlar Paynet infratuzilmasi va keng foydalanuvchilar bazasini GoInvest hamda Kapital Depozit’ning kapital bozoridagi texnologiyalari va tajribasi bilan birlashtirishni rejalashtirmoqda.

Foto: KAP DEPO

Hamkorlik doirasida kapital bozoriga raqamli kirish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi investitsiya mahsulotlarini ishga tushirish va masofaviy brokerlik xizmatlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston investorlariga xalqaro kapital bozorlariga, jumladan, AQSh fond bozoriga qonuniy va qulay kirish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, brokerlik hisobvaraqlarini elektron hamyonlar orqali to‘ldirish imkoniyatini yaratish va GoInvest investitsiya servislarini Paynet ekotizimiga integratsiya qilish ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 17-avgust kuni Paynet hamda GoInvest o‘rtasidagi bitim amalga oshgani bir qator mustaqil manbalar orqali ma’lum bo‘lgandi.

Ayni shu kuni GoInvest brokerlik litsenziyasini olgani ham ma’lum bo‘ldi. Kompaniya bungacha ushbu xizmatlarni Kapital Depozit brokerlik kompaniyasi orqali ko‘rsatib kelayotgandi.

Avvalroq, Paynet kelishidan oldingi GoInvest aksiyadorlari tarkibi, bitimdan keyingi aksiyadorlar tarkibi, shuningdek, tomonlar haqida qisqacha ma’lumot bergandik.

#paynet#goinvest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan