Universalbank umumiy qiymati 10 mln dollarlik obligatsiyalarni muomalaga chiqarmoqda

20.08.2026 12:14
O'zbekchaРусский
Universalbank umumiy qiymati 10 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan xorijiy valyutadagi korporativ obligatsiyalarni muomalaga chiqarmoqda. Obligatsiyalar yillik 7 foizlik stavkada, 3 yillik muddatda muomalada bo‘ladi.
Universalbank umumiy qiymati 10 mln dollarlik obligatsiyalarni muomalaga chiqarmoqda

Foto: Universalbank

Universalbank kuzatuv kengashi yig‘ilishida umumiy qiymati 10 mln dollarga teng bo‘lgan xorijiy valyutadagi korporativ obligatsiyalarni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ushbu emissiya doirasida bank investorlarga yillik 8,5 foiz daromadlilik taklif qilmoqda.

Korporativ axborot yagona portalida joylangan axborotga ko‘ra, nominal qiymati 100 AQSh dollari bo‘lgan 100 ming dona obligatsiya muomalaga chiqariladi.

Foizli, egasi nomi yozilgan, hujjatsiz shakldagi korporativ obligatsiyalar 730 kun (2 yil) davomida muomalada bo‘ladi. Obligatsiyalar bo‘yicha foizlar har 90 kunda (3 oyda) to‘lab boriladi.

Joylashtirish tartibi

Valyuta obligatsiyalarini joylashtirish, ularning muomalada bo‘lishi va daromadlarni to‘lash jarayoni Kapital bozori sohasidagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida amalga oshiriladi.

Obligatsiyalar Toshkent fond birjasining Bond Market obligatsiyalar bozorida cheklanmagan sondagi investorlar o‘rtasida ochiq obuna orqali joylashtiriladi.

Joylashtirish muddati obligatsiyalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 365 kalendar kunni tashkil etadi.

Joylashtirishning boshlanish sanasi emissiya davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida xabar qilinganidan keyingi 15-kunga to‘g‘ri keladi.

Obligatsiyalar har bir foiz davrining birinchi kunida nominal qiymatida, ya’ni 100 AQSh dollaridan joylashtiriladi. Keyingi kunlardan boshlab esa ularning narxiga jamg‘arilgan foiz daromadi qo‘shib boriladi.

Daromad to‘lash tartibi

Obligatsiyalar bo‘yicha foiz daromadi har bir 90 kunlik oraliq davr uchun yillik 8,5 foiz stavkasi bo‘yicha hisoblanadi.

Foiz to‘lovlari tegishli davr tugaganidan so‘ng 10 ish kunidan kechiktirmay AQSh dollarida amalga oshiriladi. Obligatsiyalar 730 kun muomalada bo‘ladi va muomala tugagan kundan keyingi kuni (731-kuni) so‘ndirish boshlanadi.

Bunda bank obligatsiyalarning nominal qiymatini va oxirgi oraliq davr uchun hisoblangan foiz daromadini Markaziy depozitariy orqali investorlarning valyuta hisobvaraqlariga AQSh dollarida o‘tkazib beradi.

Obligatsiyalarni muddatidan oldin so‘ndirish ham mumkin. Buning uchun joylashtirish boshlanganidan keyin kamida 548 kun o‘tishi kerak. Muddatidan oldin so‘ndirilgan taqdirda, investorga obligatsiyaning nominal qiymati hamda shu kungacha hisoblangan foiz daromadi to‘lab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 10-avgust kuni Asia Alliance Bank umumiy qiymati 20 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan xorijiy valyutadagi korporativ obligatsiyalarni muomalaga chiqarayotgani ma’lum bo‘lgandi.

#universalbank#valyuta_obligatsiya

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan