Baxtiyorjon Jo‘rayev Hamkor Sug‘urta tashkilotining Kuzatuv kengashi raisi etib tayinlandi

21.08.2026 15:18
O'zbekchaРусский
2021-yilning aprel oyidan 2026-yilning may oyiga qadar Hamkorbank boshqaruv raisi lavozimida ishlagan Baxtiyorjon Jo‘rayev Hamkor Sug‘urta tashkiloti Kuzatuv kengashi raisi etib tayinlandi.
Baxtiyorjon Jo‘rayev Hamkor Sug‘urta tashkilotining Kuzatuv kengashi raisi etib tayinlandi

Baxtiyorjon Jo‘rayev

13-avgust kuni Hamkor Sug‘urta tashkiloti aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda aksiyadorlar tashkilot Kuzatuv kengashi tarkibi yuzasidan bir qator muhim qarorlar qabul qildi.

Unga ko‘ra, Akmal Ibragimov hamda Nodirbek Maqsudov Kuzatuv kengashi a’zoligidan chiqarilib, ularning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi.

Ularning o‘rniga Baxtiyorjon Jo‘rayev Kuzatuv kengashi raisi, Xusniddin Yo‘ldoshev esa Kuzatuv kengashi a’zosi etib uch yil muddatga tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyorjon Jo‘rayev 2021-yilning aprel oyidan boshlab Hamkorbank boshqaruv raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

2026-yilning may oyida uning ushbu lavozimdan ozod etilib, bank boshqaruv raisining o‘rinbosari etib tayinlangani ma’lum bo‘ldi.

Uning o‘rniga esa polshalik mutaxassis Rafal Yushchak Hamkorbank boshqaruv raisi etib tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Baxtiyorjon Jo‘rayev 1981-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2002-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini, 2010-yilda esa O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Mutaxassisligi — marketing, bank ishi. 2002-yildan buyon bank tizimida ishlab keladi.

#baxtiyor_jo‘rayev#hamkor_sug'urta

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan