O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish istagidagi banklarga litsenziya berish jarayoni boshlangan, ayni damda litsenziyalash ishlari ketmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, islomiy moliyani joriy etish uchun zarur huquqiy baza shakllantirilgan. Yangi tartiblar doirasida islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun ikki xil litsenziyalash mexanizmi joriy etilgan.
Bittasi to‘laqonli islom moliyasini ko‘rsatadigan islomiy bank bo‘ladigan bo‘lsa, ikkinchisi an’anaviy bank yonida islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatadigan darchalar ochish mumkin bo‘ladi — dedi Sanjar Nosirov.
Markaziy bank raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, litsenziya berilgandan keyin banklar o‘zlarining ichki tizimlarini ham islomiy moliya talablariga moslashtirishi kerak bo‘ladi.
Uning fikricha, dastlab islomiy darchalar ishga tushadi va xizmatlar yil oxirigacha taklif qilina boshlashi mumkin.
Dastlab, menimcha, islomiy darchalar paydo bo‘ladi. O‘sha islomiy darcha orqali bevosita xizmatlar ko‘rsatiladi. U uncha ko‘p cho‘zilmasa kerak. Yilning oxirigacha, menimcha, xizmatlar taklif qilib boshlansa kerak — dedi Markaziy bank vakili.
Islomiy moliya xizmatlarining yo‘lga qo‘yilishi aholi uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi. Xususan, banklarda odatiy depozitlar bilan bir qatorda islomiy moliya tamoyillariga asoslangan investitsiyaviy omonatlar ham paydo bo‘ladi.
Jumladan, mudoraba va vakala asosida banklar aholidan mablag‘ jalb qilib, uni shariat talablariga muvofiq investitsiya qilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, murobaha, ijara, istisno va boshqa islomiy moliya instrumentlari uchun alohida standartlar ishlab chiqiladi.
Xizmatlarni faqat bank ofislarida emas, balki mobil ilovalar va onlayn platformalar orqali ham olish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.
Yangi tizimda nazorat mexanizmi ham belgilanmoqda. Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi, islomiy xizmatlarni ko‘rsatadigan banklarning o‘zida esa alohida kengashlar faoliyat yuritib, mahsulot va operatsiyalarning islomiy moliya standartlariga muvofiqligini nazorat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida Markaziy bankda islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtiruvchi Islomiy moliya kengashi tashkil etilgandi.
Kengash tarkibi islom huquqi bo‘yicha mutaxassis va texnik ekspert bo‘lgan besh nafar a’zodan iborat. Kengash a’zolari hamda ularning vazifalari haqida batafsil:
