O‘zbekistonda qaysi banklar islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda?

26.08.2026 11:03
O'zbekchaРусский
O‘zbekistonda yettita bank islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bular — Agrobank, Asakabank, Ipak Yuli bank, Orient Finans Bank, Open bank, Hayot Bank va Apex Bank.
O‘zbekistonda qaysi banklar islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda?

Foto: tanga.uz

O‘zbekistonda yettita bank islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bular — Agrobank, Asakabank, Ipak Yuli bank, Orient Finans Bank, Open bank, Hayot Bank va Apex Bank.

Ularning ayrimlari bank faoliyati doirasida islomiy moliya xizmatlarini joriy etishni, boshqalari esa islomiy darcha ochish yoki alohida yuridik shaxs sifatida islomiy mikromoliya bankini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Agrobank

Agrobank aksiyadorlarining 2026-yil 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yillik umumiy yig‘ilishida bankda islomiy bank xizmatlarini joriy etishga rozilik berilgan.

Mazkur masala yig‘ilish kun tartibida asosiy masalalardan biri sifatida ko‘rib chiqilib, aksiyadorlarning 100 foiz ovozi bilan ma’qullandi. Boshqa tafsilotlar esa hozircha ma’lum emas.

Asakabank

Asakabank aksiyadorlarining 2026-yil 25-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yillik umumiy yig‘ilishida bankda “islomiy darcha” faoliyatini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Ushbu masalani aksiyadorlarning 100 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, bankda “islomiy darcha” tashkil etishga ruxsat berilgan.

Shu bilan birga, ushbu faoliyatni yo‘lga qo‘yish munosabati bilan bank ustaviga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham tasdiqlandi.

Bundan ko‘rinadiki, Asakabank islomiy moliya xizmatlarini bank tarkibida “islomiy darcha” ko‘rinishida tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Ipak Yuli Bank

Ipak Yuli Banki aksiyadorlarining 2026-yil 29-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yillik umumiy yig‘ilishida islomiy bank faoliyatini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu masala bo‘yicha qaror aksiyadorlar tomonidan 100 foiz ovoz bilan ma’qullangan. Yig‘ilish qarori bilan Ipak Yuli Bankida islomiy bank faoliyatini joriy etish tasdiqlangan. Boshqa tafsilotlar esa hozircha ma’lum emas.

Orient Finans Bank

Orient Finans Bank aksiyadorlarining 2026-yil 26-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yillik umumiy yig‘ilishida islomiy bank faoliyatini joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Mazkur masala kun tartibining alohida bandi sifatida ko‘rib chiqilib, aksiyadorlarning 100 foiz ovozi bilan ma’qullandi.

Qarorga ko‘ra, Orient Finans Bank tizimida islomiy bank faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tegishli litsenziyasi asosida joriy etiladi.

Shuningdek, bank aksiyadorlari yig‘ilishida bank ustaviga o‘zgartirishlar kiritish va uni yangi tahrirda tasdiqlash to‘g‘risida ham qaror qilingan.

Openbank

Openbank aksiyadorlarining 2026-yil 29-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yillik umumiy yig‘ilishida bankda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Kun tartibidagi ushbu masalani — bankda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yishni — aksiyadorlarning 100 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

Shuningdek, qaror bilan bankda Islomiy moliya kengashini tuzish ham belgilandi. Qarorga ko‘ra, Islomiy moliya kengashi a’zolari uch yil muddatga saylanadi.

Ularning tegishli hujjatlarini shakllantirib, nomzodlarni kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga taqdim etilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, bankda Islomiy moliya kengashi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi. Biroq ushbu nizom Markaziy bank tomonidan bankka islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berilganidan keyingina ro‘yxatga olinishi va kuchga kiritilishi belgilandi.

Bank boshqaruviga esa islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun Markaziy bankdan tegishli litsenziyani olish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Hayot Bank

2026-yil 28-iyul kuni Hayot Bank aksiyadorlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bankning alohida islomiy mikromoliya bankini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ushbu qarorga ko‘ra, ZAMAN Islomiy mikromoliya banki aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi. Yangi bankning 100 foizlik ulushi Hayot Bank’ka tegishli bo‘ladi.

Muhim jihati shundaki, qonunchilikka ko‘ra tijorat banklari islomiy moliya xizmatlarini islomiy darcha orqali ham ko‘rsatishi mumkin.

Biroq Hayot Bank bu yo‘lni tanlamasdan, alohida yuridik shaxs sifatida islomiy mikromoliya banki tashkil etishga qaror qildi.

Bu esa islomiy moliya operatsiyalari va ular bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni bosh bank balansidan to‘liq ajratish imkonini beradi.

Hozircha yangi bankning ustav kapitali, rahbariyati va Islomiy moliya kengashi tarkibi haqida ma’lumot berilmagan.

Bank o‘z faoliyatini boshlashi uchun Markaziy bank litsenziyasini olishi talab etiladi.

Apex Bank

2026-yil 14-iyul kuni Apex Moliya mikromoliya tashkiloti aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda kompaniyaning kelgusi faoliyati bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘rib chiqilgan.

Jumladan, aksiyadorlar tashkilot faoliyatini islomiy mikromoliya banki faoliyatiga o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Buning uchun yangi bank tashkil etishga dastlabki ruxsat olish maqsadida Markaziy bankka murojaat qilinishi belgilandi.

Markaziy bankdan tegishli ruxsatnoma olingach, qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali kompaniyaning ustav kapitalini 50 mlrd so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Hozirda kompaniyaning ustav kapitali 4 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, yig‘ilishda kelgusida tashkil etiladigan islomiy mikromoliya banki huzurida Islomiy moliya kengashini tuzish to‘g‘risida ham qaror qilindi.

Qarorga ko‘ra, Islomiy moliya kengashi tarkibiga quyidagi uch nafar nomzod kiritildi:

  • Akjigit Kokoyev — kengash raisi, Alhamd Eurasia Sharia Advisory Services korxonasi direktori (Qirg‘iziston).
  • Saidaahmadxon Saydaliyev — kengash a’zosi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fuqarolar murojaatlari bo‘limi bosh mutaxassisi.
  • Zikriyo Boborahimov — kengash a’zosi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Elektron savol-javoblar bo‘limi yetakchi mutaxassisi.

Ma’lumot uchun, Apex Moliya mikromoliya tashkiloti cheklangan doirada islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatib kelgan.

2026-yilning birinchi choragida mamlakatda ko‘rsatilgan jami islomiy moliya xizmatlari 11,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shundan 8,4 mlrd so‘mi Apex Moliya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun, Muhitdinov Xamidulla Nuritdinovich va Po‘latov Dilmurod Ilyasovich Apex Moliya aksiyadorlik jamiyatining aksiyadorlaridir. Ularning kompaniyadagi ulushi 50 foizdan teng taqsimlangan.

Bu shaxslar, shuningdek, Apex Bank aksiyadorlari ham sanaladi. Ularning bankdagi ulushi ham 50 foizdan teng taqsimlangan.

Shunday qilib, Apex Bank ham Hayot Bank singari alohida yuridik shaxs sifatida islomiy mikromoliya bankini tashkil etmoqda.

Hozirda litsenziyalash jarayoni ketmoqda

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish istagidagi banklarga litsenziya berish jarayoni boshlangan, ayni damda litsenziyalash ishlari ketmoqda.

Nosirovga ko‘ra, dastlab mamlakatda an’anaviy banklar tarkibida islomiy moliya xizmatlarini taqdim etuvchi darchalar paydo bo‘lishi, ular orqali yil oxirigacha islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatila boshlanishi kutilmoqda.

#banklar#islomiy_bank#islomiy_moliya

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan