Navfal Po‘latov Asakabank boshqaruv raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Bankxabar kanali o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Navfal Po‘latov tayinlovga qadar ushbu bankning bosh ofisida Yuridik departament direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Navfal Po‘latov haqida
Po‘latov Navfal Xaydarovich 1971-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, mutaxassisligi huquqshunos. Shuningdek, bank va moliya yo‘nalishida magistr darajasiga ega.
1993-yilda Toshkent davlat yuridik universitetini, 2006-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining Oliy biznes maktabini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini esa 1993-yilda O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida boshlagan.
Keyinchalik Tashqi ishlar vazirligi, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi hamda bir qator mahalliy va xorijiy kompaniyalarda yuridik hamda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Navfal Po‘latovning bank tizimida ham katta tajribasi bor. 1999–2000 hamda 2005–2012-yillarda u Asakabank’ning yuridik tuzilmalariga rahbarlik qilgan, 2018–2021-yillarda esa O‘zmilliybank Yuridik xizmat departamenti direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Po‘latov 2021-yil 1-fevraldan buyon Asakabank bosh ofisi Yuridik departamenti direktori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevral oyidan Asakabank boshqaruv raisi lavozimida ishlab kelgan Qudratilla To‘laganov 2026-yil fevral oyida Olmazor tumani hokimi etib tayinlangandi.
Shu kundan buyon Asakabank boshqaruv raisi lavozimi vakant e’lon qilingan va hozirgacha bo‘sh turibdi.
