Toshkent fond birjasi Davr Bank aksiyalari birja savdolariga qaytayotganini ma’lum qildi.
Birja matbuot xizmatining xabar berishicha, bankning oddiy aksiyalari bilan savdolar 28-avgustdan qayta tiklanadi.
Shu kundan boshlab bank aksiyalari bilan savdo qilish mumkin bo‘ladi. Aksiyalarning qimmatli qog‘oz kodi — UZ7050240009, birjadagi tikeri esa — DRBK.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning fevral oyida Davr Bank aksiyalari Toshkent fond birjasining kotirovka ro‘yxatidan chiqarilib, ular bilan savdolar to‘xtatilgan edi.
Birja bunga bank aksiyadorlari soni birjada ro‘yxatda turish uchun belgilangan talabga javob bermasligini sabab qilib ko‘rsatgan.
2021-yil 1-yanvardan yangi listing (birjada ro‘yxatda turish) qoidalari kuchga kirgan.
Shundan so‘ng birja o‘z ro‘yxatidagi kompaniyalarning ushbu talablarga mosligini tekshirgan.
Tekshiruv natijasida 12 ta emitentning (qimmatli qog‘oz chiqaruvchi kompaniya) aksiyadorlar soni bo‘yicha talabga javob bermagani aniqlangan.
Ulardan 10 ta aksiyadorlik jamiyatining, jumladan, Davr Bank'ning ham aksiyalari birja ro‘yxatidan chiqarilgan.
Avvalroq, Davr Bank aksiyalarining 51 foizlik nazorat paketi Ozarbayjon Xalqaro banki tomonidan sotib olingani ma’lum qilingan edi. Biroq hozircha ochiq reyestrda aksiyadorlar tarkibida o‘zgarish bo‘lmagan.
