Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) O‘zbekistondagi Davr Bank ulushini sotib olishni yakunladi.
Bu haqda 23-avgust kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga namoyish etilgan qo‘shma loyihalar haqidagi videorolikda ma’lum qilingan.
Moliya sektorida Ozarbayjon Xalqaro banki Davr Bank ulushini sotib olishni yakunladi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi bank sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi — deyiladi videolavhada.
Bitimning boshqa tafsilotlari, jumladan, uning qiymati va kelgusida bankni rivojlantirish rejalari hozircha ma’lum emas.
Ochiq reyestrda bank aksiyadorlari tarkibida ABB hozircha qayd etilmagan, amalda aksiyadorlar o‘zgarishsiz turibdi.
- Lutfulla Ubayev — 41,9955 foiz
- Mahfuza Ubayeva — 14,7085 foiz
- Durdona Raxmatullayeva — 10,74 foiz
- Mirkodir Mirzayatov — 10,61 foiz
- Abdug‘ani Sadikov — 8,7893 foiz
- Tohir Ubayev — 5,4621 foiz
- Mirjalol Mirzayatov — 4,0858 foiz
- Davron Xayrullayev — 3,6089 foiz
Bitim borasidagi boshqa ma’lumotlar
2026-yil may oyi boshida Ozarbayjon xalqaro banki Davr Bank nazorat paketini sotib olayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Iyun oyida Davr bank aksiyadorlari ABB bilan bankning 51 foizlik nazorat paketini sotish bo‘yicha bitimni yakunlashga rozilik bergan.
Shuningdek, kelajakda yana 23 foizlik aksiyalar ulushini sotish shartlari muhokama qilinishi aytilgandi.
ABB Boshqaruv kengashi raisi Abbos Ibrohimovga ko‘ra, tomonlar bitimni joriy yilning ikkinchi yarmida yakunlashni rejalashtirgan.
Tegishli tartibga soluvchi organlar tomonidan bitimga rozilik berilgach, bank O‘zbekistonda ABB Davr Bank nomi ostida faoliyat yuritishi kutilmoqda.
Abbos Ibrohimovning aytishicha, bankni sotib olishga kiritiladigan investitsiyalar hajmi 100 mln dollardan oshadi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyining oxirida ABB vakillari Davr Bank nazorat paketini sotib olish va kelgusidagi rejalar yuzasidan Markaziy bank vakillari bilan uchrashgan edi.
