Pedro Martinyo Korzinka supermarketlar tarmog‘i bosh direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda tarmoq matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning yanvar oyidan 2025-yilning 30-sentyabr sanasiga qadar tarmoqning bosh direktori lavozimida Rud Pedersen ishlagan.
Uning o‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketishiga oilasiga ko‘proq vaqt ajratish istagi sabab bo‘lgani ma’lum qilingan.
Pedro Martinyo tayinlangunga qadar kompaniyani bosh direktor o‘rinbosari Akmal Asadov boshqarib kelayotgandi.
Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Pedro Martinyo direktorlar kengashi boshchiligida o‘tkazilgan xalqaro tanlov yakunlariga ko‘ra ushbu lavozimga tayinlangan.
Pedro Martinyo haqida
Pedro Martinyo Polsha, Portugaliya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Ozarbayjonning yetakchi oziq-ovqat chakana savdo kompaniyalarida 30 yildan ortiq faoliyat yuritgan.
Martinyo tayinlovga qadar Polshaning Frisco onlayn supermarketida vaqtinchalik bosh direktor lavozimida ishlagan.
Uning LinkedIn sahifasiga ko‘ra, 2003–2023-yillarda Polshaning oziq-ovqat va kundalik iste’mol tovarlari ulgurji savdosi hamda franchayzing tarmog‘i sanalgan Eurocash Group kompaniyasida ijrochi boshqaruv kengashi a’zosi va aksiyador bo‘lgan.
Shuningdek, Delikatesy Centrum supermarketlar tarmog‘i va Tradis distribyutorlik kompaniyasida bosh direktor lavozimida faoliyat yuritgan.
Ozarbayjonda esa oziq-ovqat va FMCG mahsulotlari distribyutori bo‘lgan Veyseloglu Group kompaniyasining Kuzatuv kengashiga rahbarlik qilgan.
