Gruziyaning yana bir yirik banki O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

02.09.2026 13:51
O'zbekchaРусский
Gruziyaning yirik bank guruhlaridan biri Lion Finance Group O‘zbekiston va Qozog‘iston bank bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Guruh noldan bank tashkil etishdan ko‘ra, bozorda mavjud yirik banklardan birini sotib olish niyatida.
Gruziyaning yana bir yirik banki O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

Bank of Georgia

Gruziyaning yirik bank guruhlaridan biri Lion Finance Group Markaziy Osiyo bank bozoriga kirish rejalarini ma’lum qildi.

Xolding amalda Gruziyaning Bank of Georgia, shuningdek, Armaniston va Belarusdagi banklarga egalik qiladi, aksiyalari esa London fond birjasida kotirovka qilinadi.

Guruh rahbariyati shu paytgacha kengayish yo‘nalishlari sifatida Markaziy Osiyodagi ikki mamlakat haqida umumiy tarzda gapirib kelayotgan edi.

Xolding bosh direktori Archil Gachechiladze Bloomberg nashriga bergan intervyusida ushbu mamlakatlar Qozog‘iston va O‘zbekiston ekanini ma’lum qildi.

Gachechiladzening so‘zlariga ko‘ra, xolding noldan bank tashkil etishdan ko‘ra mavjud bankni sotib olishni afzal ko‘rmoqda.

Xolding O‘zbekiston va Qozog‘istonda faqat yirik banklarni ko‘rib chiqmoqchi. Gachechiladzening aytishicha, Lion Finance Group har ikki mamlakatning eng yirik beshta banki qatoriga kiruvchi moliya muassasalaridan birini sotib olish niyatida.

Kichikroq banklarni xarid qilish esa xoldingning rejalariga kirmasligi ma’lum qilingan. Markaziy Osiyodan tashqari, guruh Boltiqbo‘yi va Bolqon mamlakatlaridagi bitimlarni ham o‘rganmoqda.

Xolding haqida

Lion Finance Group hozirgi nomiga 2024-yil fevralida Bank of Georgia Group nomidan o‘tgan. Guruh aksiyalari 2012-yildan buyon London fond birjasining premium segmentida kotirovka qilinadi.

2024-yil martida xolding FTSE 100 indeksiga kiritilgan ilk gruzin kompaniyasi bo‘lgan. Bozor kapitallashuvi qariyb 2,9 mlrd dollarni tashkil etadi.

Guruh tarkibiga Bank of Georgia, Armanistonning Ameriabank, Belarusning Belarusky Narodny Bank hamda Galt & Taggart investitsiya banki kiradi.

O‘zbekiston bank bozoriga xorijiy moliyaviy guruhlarning kirib kelishi so‘nggi yillarda izchil davom etmoqda.

Xususan, TBC Bank Group — London fond birjasida kotirovka qilinadigan gruzin moliyaviy guruhi bo‘lib, O‘zbekistonda TBC Uzbekistan banki orqali faoliyat yuritadi.

Sharqiy Yevropaning yana bir moliyaviy guruhi OTP Group esa 2023-yil yozida Ipoteka-bank aksiyalarining 73,41 foiz ulushini sotib olgandi.

Guruh o‘zining 2023-yil uchun hisobotida Markaziy Osiyoni strategik ustuvor mintaqa deb atagan va Qozog‘istonda sotib olish imkoniyatlarini o‘rganayotganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, 2026-yil avgust oyining oxirida Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) Davr Bank aksiyalarining 51 foizlik nazorat paketini sotib oldi va ABB Davr brendi ostida mahalliy bozorga kirib kelishini ma’lum qildi.

Lion Finance Group xoldingining O‘zbekiston bozoriga kirishi mamlakat bank sektoridagi xorijiy investorlar ishtirokini yanada kengaytirishi mumkin.

#bank_of_georgia#lion_finance_group

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan