2026-yil 2-sentyabr kuni Asia Alliance Bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda bankda islomiy darcha shaklida islomiy bank faoliyatini joriy etish masalasi ma’qullandi.
Qarorga binoan, ushbu yo‘nalishni tashkil etish uchun bankda zarur tashkiliy, korporativ, kadrlar, metodologik, buxgalteriya hisobi hamda dasturiy-texnik tadbirlar amalga oshiriladi.
Mazkur ishlarning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi alohida litsenziya olishdan iborat.
Shuningdek, yig‘ilishda Asia Alliance Bank ustavini yangi tahrirda tasdiqlash to‘g‘risida ham qaror qabul qilindi. Bankning islomiy darchasi tashkiliy tuzilmasi ham ma’qullandi.
Aksiyadorlar qarori bilan bank huzurida Islomiy moliya bo‘yicha kengash tashkil etilib, uning faoliyatini tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi.
Kengash raisi etib Xamroqulov Jaloliddin Xaydarovich, rais o‘rinbosari etib Qodirov Hasan Karimberdiyevich, kengash a’zosi etib esa Djumanov Abdulhamid Maxamatlatipovich saylandi.
Qarorda qayd etilishicha, kengash a’zolari o‘z vazifalarini bajarishga ularning nomzodlari Markaziy bank bilan kelishilganidan, bank ustavining yangi tahriri davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan hamda bank islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olganidan so‘ng kirishishi mumkin.
Bank boshqaruviga zarur hujjatlar to‘plamini shakllantirib, litsenziya olish uchun Markaziy bankka ariza taqdim etish topshirildi.
Shu bilan birga, bank ustavining yangi tahririni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qonunchilikda belgilangan boshqa hujjatlarni taqdim etish vazifasi ham yuklatildi.
Qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilish esa Asia Alliance Bank Kuzatuv kengashi zimmasiga yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish istagidagi banklarga litsenziya berish jarayoni boshlanganini va ayni damda litsenziyalash ishlari ketayotganini ma’lum qilgandi.
Nosirovning so‘zlariga ko‘ra, dastlab mamlakatda an’anaviy banklar tarkibida islomiy moliya xizmatlarini taqdim etuvchi darchalar paydo bo‘lishi va ular orqali yil oxirigacha islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatila boshlanishi kutilmoqda.
.jpg)