Markaziy bank kredit qarzdorligini undirishda mijozning barcha bank kartalaridagi mablag‘ni to‘liq yechib olishni cheklashni taklif qilmoqda. Bu haqda tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, bank kredit yoki kafillik bo‘yicha to‘lovlarni mijozning topshirig‘isiz uning barcha bank kartalaridagi hisobvaraqlaridan undirganda, kartalarda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yarmi miqdorida mablag‘ saqlab qolishi kerak bo‘ladi.
Hozirda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 360 ming so‘mni tashkil etadi. Demak, uning yarmi — 680 ming so‘m.
Ya’ni, loyiha qabul qilinsa, bank mijozning kredit qarzini undirish jarayonida uning barcha kartalaridagi mablag‘ni oxirigacha yechib ololmaydi — ularda kamida 680 ming so‘m mablag‘ saqlanib qolishi kerak bo‘ladi.
Lekin bu qoida barcha kartalarga bir xil tatbiq etilmaydi. Xususan, kredit shartnomasida rekvizitlari ko‘rsatilgan yoki mijozning o‘zi bankning mobil ilovasi yoxud internet-banking tizimida kredit to‘lovlarini undirish uchun biriktirgan kartalar bundan mustasno bo‘ladi.
Nima uchun bu muhim?
Amalda mijozning bir bankda krediti bo‘lsa, ayrim hollarda kredit to‘lovi uning boshqa kartalaridagi mablag‘lar hisobidan ham avtomatik undirilishi mumkin.
Yangi tartib esa mijozning boshqa kartalaridagi pulni to‘liq yechib olishga cheklov qo‘yishni nazarda tutmoqda.
Shu orqali kredit qarzdorligi bo‘lgan fuqaroning kundalik ehtiyojlari uchun ma’lum miqdorda mablag‘ saqlanib qolishi ta’minlanishi kutilmoqda.
Hozircha bu faqat qaror loyihasi bo‘lib, hujjat hujjat 4-sentyabrdan 14-sentyabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Qaror qabul qilinsa, uning rasmiy e’lon qilingan kunidan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, UZCARD to‘lov tizimi 2026-yil 15-apreldan boshlab kredit va boshqa majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarni avtomatik tarzda (akseptsiz) yechib olish tartibini o‘zgartirgan edi.
Unga ko‘ra, bunday to‘lovlarni amalga oshirishda kartadagi barcha mablag‘ni yechib olishga yo‘l qo‘yilmaydi va hisobda kamida 3 BHM — 1 mln 320 ming so‘m qoldirilishi talabi joriy etilgandi.
