O‘zbekiston eng ko‘p oltin sotib olgan davlatlar uchligiga kirdi

09.09.2026 15:21
O'zbekchaРусский
O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yilning dastlabki yetti oyida 40 tonna oltin xarid qildi. Ushbu ko‘rsatkich bilan mamlakat dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari orasida uchinchi o‘rinda qayd etildi. Eng yirik xaridorlar esa Polsha (90 tonna) va Xitoy (60 tonna) bo‘lgan.
O‘zbekiston eng ko‘p oltin sotib olgan davlatlar uchligiga kirdi

Foto: Bloomberg

O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yilning dastlabki yetti oyida 40 tonna oltin xarid qildi.

Ushbu ko‘rsatkich bilan mamlakat dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlarida keltirilgan.

Manba: WGC

Iyul oyida O‘zbekiston Markaziy banki 1 tonna oltin sotgan. Shunga qaramay, yilning birinchi yetti oyida Markaziy bankning oltin bo‘yicha sof xaridlari 40 tonnani tashkil qilgan.

Ushbu davrda Polsha (90 tonna), Xitoy (60 tonna), O‘zbekiston (40 tonna) va Qozog‘iston (29 tonna) eng yirik xaridor davlatlar sifatida qayd etilgan.

Chexiya esa shu davrda 12 tonna oltin xarid qilgan. Shu bilan birga, ayrim markaziy banklar yil boshidan buyon oltin zaxiralarini qisqartirgan. 

Dastlabki yetti oyda eng yirik oltin sotuvlari Turkiya (85 tonna) va Rossiya (50 tonna) markaziy banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Umuman olganda, ushbu davrda markaziy banklar qariyb 130 tonna oltin sotib olgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 30 tonnaga kam.

O‘zbekiston xalqaro zaxiralari

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-sentyabr holati bo‘yicha O‘zbekiston xalqaro zaxiralarida oltinning fizik hajmi 438,83 tonnani tashkil etmoqda.

Avgust oyida zaxiradagi oltinning fizik hajmi 8,05 tonnaga ko‘paygan. Natijada O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralarining 90 foizi oltindan iborat bo‘lgan.

#oltin_zaxirasi#markaziy_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan