Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi avgust oyidagi faoliyati yakunlari bo‘yicha hisobotini e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan oy davomida qo‘mita 7 marta yig‘ilib, ko‘rib chiqilgan jami 34 ta masala yuzasidan tegishli qarorlarni qabul qilgan.
Shundan 21 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga oid bo‘lgan.
- kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish — 9 ta
- mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatiga olish va to‘lov tashkilotiga litsenziya berish — 3 ta
- kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish — 3 ta
- tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish — 5 ta
Shu bilan birga, ushbu oyda kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 13 ta masala ko‘rib chiqilgan.
Jumladan, Markaziy bank ko‘rsatmalari, tekshiruvlar natijalari, yangi moliyaviy xizmatlarni sinovdan o‘tkazish va banklardagi nazorat tadbirlari muhokama qilingan.
Bundan tashqari, avgust oyida qo‘mita 22 ta bank va 3 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llagan.
Bunga ularning qonunchilik hamda Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga rioya qilmagani, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlari va “sirli mijoz” nazorati davomida qoidabuzarliklar aniqlangani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida qo‘mita 7 marta yig‘ilib, 34 ta masalani ko‘rib chiqqan, o‘shanda 21 ta bank, 1 ta mikromoliya tashkiloti va 1 ta to‘lov tashkilotiga jarima qo‘llanilgandi.
Shuningdek, yana 23 ta bankka chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berilgan edi. Qo‘mitaning iyul oyidagi hisoboti e’lon qilinmagan.
.jpg)