Pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha Prezident farmoni loyihasi e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini Xalq Bankidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Tizim Pensiya jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazilishi munosabati bilan, Iqtisodiyot va moliya vazirligining shtat birliklari doirasida Pensiya jamg‘armasiga qo‘shimcha 31 ta shtat birligi ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Bunda mazkur shtat birliklarini saqlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan.
Shuningdek, loyihada Pensiya jamg‘armasi huzurida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish hamda barqaror pensiya tizimini yaratish bo‘yicha xalqaro konsultantlardan iborat bo‘lgan loyiha ofisini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2005-yil 1-yanvardan joriy etilgan.
Mazkur tizim doirasida fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarini ochish va yuritish, mablag‘larni hisobga olish hamda jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini amalga oshirish Xalq Bankiga yuklatilgan va shu paytdan buyon ushbu bank tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Avvalroq ushbu farmon loyihasi bilan O‘zbekistonda pensiya yoshini uch yilga oshirish taklif qilinayotgani haqida yozgandik.
Eslatib o‘tamiz, ushbu hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan farmon loyihasi bo‘lib, yakuniy qaror emas, uning muhokamasi 30-sentyabrgacha davom etadi.
Muhokama yakuniga qadar fuqarolar loyiha bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirishlari mumkin.
