17-sentyabr kuni Ipoteka-bank axborot xizmati bankning boshqaruv tarkibida o‘zgarishlar bo‘layotganini ma’lum qildi.
Boshqaruv raisining o‘rinbosari, Korporativ bank xizmatlari va bozor instrumentlari bloki rahbari Irakli Elashvili hamda boshqaruv raisining o‘rinbosari, Operatsion blok rahbari Maksim Bykov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
Irakli Elashvili 2025-yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi. Hozircha uning o‘rniga yangi rahbar tayinlanmagan. Bank yaqin vaqt ichida korporativ bank xizmatlari uchun mas’ul bo‘lgan boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimiga tanlov e’lon qilishini bildirdi.
Maksim Bykov esa 2025-yil aprelidan buyon Operatsion blok rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Uning ketishi munosabati bilan Operatsion blokni boshqarish vazifalari Boshqaruv raisining o‘rinbosari Dmitriy Volchekka yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning iyul oyi oxirida Adam Sentpeteri Ipoteka-bank boshqaruv raisi etib tayinlangan edi.
