Davr Bank aksiyadorlari oktyabr oyida bank nomi va rahbariyat tarkibini yangilash masalasini ko‘rib chiqadi

25.09.2026 16:15
O'zbekchaРусский
9-oktyabr kuni Davr Bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilish kun tartibidan bank nomini o‘zgartirish, kuzatuv kengashi va boshqaruv tarkibini yangilash, dividend siyosatini tasdiqlash hamda boshqa masalalar o‘rin olgan.
Davr Bank aksiyadorlari oktyabr oyida bank nomi va rahbariyat tarkibini yangilash masalasini ko‘rib chiqadi

Foto: Shaxriyor Ismailxodjayev / Spot

9-oktyabr kuni Davr Bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi. 

Yig‘ilish kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:

  1. Bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi reglamentini tasdiqlash.
  2. Bank Ustavini yangi tahrirda tasdiqlash.
  3. Bankning firma nomini o‘zgartirish.
  4. Bankning amaldagi Kuzatuv kengashi tarkibi va Boshqaruvning ayrim a’zolari vakolatlarini muddatidan oldin tugatish.
  5. Bank Kuzatuv kengashining yangi tarkibini saylash va Boshqaruv tarkibiga qisman o‘zgartirish kiritish.
  6. Dividend siyosatini tasdiqlash.
  7. Bankning ichki hujjatlarini yangi tahrirda tasdiqlash.
  8. Bank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zolariga to‘lanadigan mukofot va kompensatsiyalar miqdorini belgilash.
  9. Auditorlik komissiyasini tuzish va tasdiqlash.
  10. Majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini belgilash.

Yig‘ilish 9-oktyabr kuni soat 18:00 da Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Muqimiy ko‘chasi, 7/3-uy manzilida o‘tkaziladi. 

E’londa bankning rahbariyat tarkibiga kiritilishi rejalashtirilayotgan shaxslar haqida ma’lumot berilmagan. 

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) Davr Bank aksiyalarining 51 foiz ulushini 140 mln dollarga sotib olgandi. 

Shu tariqa, Davr Bank nazorati Ozarbayjon bankiga o‘tib, uning kelgusida ABB Davr brendi ostida faoliyatini davom ettirishi ma’lum qilingandi.

#davr_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan