Farg‘ona viloyatining Quva tumanida besh nafar fuqaro soxta hujjatlar asosida bankdan 428,8 mln so‘m kredit olgani aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ushbu holat fosh etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, rasman ishlamaydigan besh nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, o‘zlarini Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qism xizmatchilari sifatida ko‘rsatgan.
Ular soxta mehnat shartnomalari va ish haqi olganliklari haqidagi ma’lumotnomalarni tayyorlab, tijorat banklaridan birining (nomi oshkor etilmagan) Quva tumani filialiga taqdim etgan. Ushbu soxta hujjatlar asosida ular 428,8 mln so‘m kredit olishga erishgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlarni, shtamplarni, muhrlarni va blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Departamentning ma’lum qilishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq foizsiz kredit va’dasi bilan fuqarolarning 17 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ini o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etilgandi.
