AVO Bank mijozining bloklangan omonati bo‘yicha izoh berdi

30.09.2026 10:36
O'zbekchaРусский
AVO Bank mijozining bloklangan omonati yuzasidan munosabat bildirdi. Bank mablag‘larga cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organning talabi asosida qo‘yilganini, uni bekor qilish uchun tegishli hujjat hali bankka kelib tushmaganini ma’lum qildi.
AVO Bank mijozining bloklangan omonati bo‘yicha izoh berdi

Foto: AVO Bank

AVO Bank ijtimoiy tarmoqlarda mijozning omonatidagi mablag‘lar bloklab qo‘yilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Bank cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organning tergov tadbirlari doirasidagi talabi asosida qo‘yilganini ma’lum qildi.

Avvalroq AVO Bank mijozlaridan biri kvartirasini sotishdan tushgan mablag‘ni bankdagi omonatga joylashtirgani, biroq omonat muddati tugaganidan keyin ham pullarini ololmayotgani haqida yozgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil 9-dekabrda ochilgan omonat 2026-yil 14-may kuni bloklangan, 10-iyunda esa uning muddati tugagan.

Mijozning ta’kidlashicha, u bankdan mablag‘larni bloklash uchun asos bo‘lgan hujjatni so‘ragan, biroq bunday hujjat taqdim etilmagan.

Shuningdek, u 10-sentyabr kuni Yunusobod tumani Ichki ishlar bo‘limidan olgan xatda depozit hisobvarag‘i asossiz bloklangani qayd etilganini bildirgan.

AVO Bank esa o‘z munosabatida hisobvaraqlardagi mablag‘larni tasarruf etishga cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organning talabi asosida qo‘yilganini ma’lum qildi.

Bankning bildirishicha, qonunchilikka muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar banklardan mijozlarning hisobvaraqlari, jumladan omonatlari bo‘yicha operatsiyalarga cheklov qo‘yishni talab qilish huquqiga ega. Bank esa o‘z vakolatlari doirasida berilgan bunday talablarni bajarishi shart.

AVO Bank cheklovni o‘z tashabbusi bilan bekor qila olmasligini ta’kidladi. Bankning pozitsiyasiga ko‘ra, cheklovni bekor qilish faqat vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli hujjati asosida amalga oshirilishi mumkin.

Bank, shuningdek, mijozga bir necha marta yozma va og‘zaki tushuntirishlar berilganini bildirdi. Unda cheklovning sabablari, uni qo‘llash asoslari va uni bekor qilish uchun zarur bo‘lgan harakatlar tushuntirilgani, jumladan vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga hamda sudga murojaat qilish tavsiya etilgani aytilgan.

AVO Bank ayrim hujjatlarni mijozga taqdim eta olmasligini ham tushuntirdi. Bankning qayd etishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kelib tushadigan maxfiy yoki xizmat doirasidagi hujjatlar qonunchilikka muvofiq bank tomonidan berilishi mumkin emas.

Shuningdek, bank huquqni muhofaza qiluvchi organlardan jismoniy shaxs mol-mulkiga qo‘yilgan cheklovni bekor qiluvchi protsessual hujjatlarni chiqarishni talab qilish yoki so‘rash huquqiga ega emasligini bildirdi.

Bunday hujjatlarni talab qilish huquqi mablag‘lar egasining o‘ziga tegishli ekani qayd etildi. AVO Bankning ma’lum qilishicha, vaziyatni aniqlashtirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga hamda Markaziy bankka murojaat qilingan.

Bank hozirgi kungacha cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi hujjat unga kelib tushmaganini bildirdi. Shu sababli cheklovni bekor qilish muddati bankka bog‘liq emasligi va vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning qarori bilan belgilanayotganini ta’kidladi.

Bank tegishli hujjat kelib tushganidan so‘ng mablag‘larni blokdan chiqarish bo‘yicha zarur choralarni zudlik bilan ko‘rishini ma’lum qildi.

AVO Bank, shuningdek, mijoz o‘z huquq va manfaatlarini, jumladan sud orqali himoya qilish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

Bank o‘zining barcha harakatlari qonunchilik talablariga asoslanganini va ularning qonuniyligini belgilangan tartibda asoslab berishga tayyorligini bildirgan.

#avo_bank#omonat

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan