28-sentyabr kuni Orient Finans Bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda bank tizimida islomiy bank faoliyatini joriy etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilgan.
Xususan, bank ustaviga islomiy bank faoliyatini joriy etish bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tasdiqlandi.
Shuningdek, bankning Islomiy moliya kengashi quyidagi tarkibda uch yil muddatga saylandi:
- Xalilov Shavkatjon Bahrom o‘g‘li — “Alternativ Moliya” MChJning islom moliyasi bo‘yicha o‘qituvchi-eksperti.
- Hakimova Nigora Alisherovna — O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti.
- Xolmo‘minov Jaloliddin Yusupaliyevich — Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi.
Kengash a’zolarining qaysi biri kengash raisi, qaysilari a’zolar ekanligi borasida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 26-iyun kuni Orient Finans Bank aksiyadorlarining yillik umumiy yig‘ilishida islomiy bank faoliyatini joriy etish ma’qullangan.
Aksiyadorlar qarorida bankda islomiy bank faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tegishli litsenziyasi asosida joriy etilishi belgilangan.
Hozirda O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya biror bankka berilmagan.
Avgust oyining oxirida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish istagidagi banklarga litsenziya berish jarayoni boshlanganini va ayni damda litsenziyalash ishlari ketayotganini ma’lum qilgandi.
Nosirovning so‘zlariga ko‘ra, dastlab mamlakatda an’anaviy banklar tarkibida islomiy moliya xizmatlarini taqdim etuvchi darchalar paydo bo‘lishi va ular orqali yil oxirigacha islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatila boshlanishi kutilmoqda.
