AloqaBank islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qildi

02.10.2026 09:07
O'zbekchaРусский
AloqaBank aksiyadorlari bankda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qildi. Buning uchun bank zarur hujjatlarni tayyorlab, Markaziy bankka taqdim etishi belgilangan. Shuningdek, bank ustaviga islomiy moliya faoliyatiga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilgan.
AloqaBank islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qildi

Foto: Yandex Maps

28-sentyabr kuni AloqaBank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda qabul qilingan qarorga ko‘ra, bankda islomiy bank faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Buning uchun bank zarur hujjatlarni tayyorlab, Markaziy bankka taqdim etishi belgilangan.

Shuningdek, AloqaBank ustaviga islomiy moliya faoliyatiga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu o‘zgartirishlar bankka tegishli litsenziya berilganidan so‘ng Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, bankning islomiy moliya standartlariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi.

Kengashga quyidagi uch nafar a’zodan iborat tarkib uch yil muddatga saylandi:

  • Abiyev Hikmatulla Hasanovich — Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbashunoslik bo‘limi ilmiy xodimi.
  • Ibragimov Muxammadjon Sharipovich — O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi Call-markaz sho‘basi yetakchi mutaxassisi.
  • Usmani Muhammad Zubair — Jamia Darul Uloom Karachi vitse-prezidenti.

Ular o‘z vakolatlarini Markaziy bank bilan kelishilgandan keyin amalga oshirishni boshlaydilar.

Islomiy moliya kengashi raisiga xizmatlari uchun oyiga 24 mln so‘mgacha, kengash a’zolariga esa oyiga 18 mln so‘mgacha haq to‘lanishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Orient Finans Bank ham islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish doirasida uch kishilik Islomiy moliya kengashini tashkil etgandi.

#aloqabank#islomiy_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan