Toshkent viloyatidagi nufuzli banklardan birining (nomi oshkor etilmagan) ushbu viloyat bo‘yicha mintaqaviy markazi Mahallabay va davlat dasturlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘ining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Foto: Xavfsizlik xizmati matbuoti (rasmga sun’iy intellekt yordamida ishlov berilgan)
Uning qonunga zid harakatlari Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, bank xodimi 2024-yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan elektron onlayn auksion orqali o‘z otasiga chorvachilik maqsadida foydalanish uchun ijara huquqi asosida berilgan 16,05 gektar yer maydonini sotishni hamda Quyi Chirchiq tumani hokimligi zaxirasidagi 4 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Aniqlanishicha, u mazkur masalalarni hal qilib berish evaziga xaridordan jami 4 mln 250 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida bank xodimi ushbu mablag‘dan 100 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xavfsizlik xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada soxta hujjatlar orqali qariyb 430 mln so‘m kredit olgan shaxslar aniqlangan edi.
