Uchta xorijiy davlat investorlari UzAuto Motors kompaniyasini sotib olishga qiziqish bildirdi.
Bu haqda Spot nashri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodovga tayanib xabar bermoqda.
Davaktiv rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida xalqaro konsultant Alvarez & Marsal tanlov asosida jalb qilingan.
Murodov hozirda agentlikka UzAuto Motors va UzAuto Powertrain kompaniyalarini sotib olish bo‘yicha takliflar kelib tushayotganini qayd etdi.
Xususan, AQSh, Janubiy Koreya va Xitoy investorlari shunday qiziqish bildirgan.
Davaktiv rahbari bu qiziqishlar aktivni muayyan bir kompaniyaga sotish bo‘yicha qaror qabul qilinganini anglatmasligini ta’kidladi. UzAuto xalqaro ochiq savdolar orqali xususiylashtiriladi.
Bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas. Chunki bu bizning raqobat sharoitida xususiylashtirishni amalga oshirishimizga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bu orqali boshqa ishtirokchilarga noto‘g‘ri signal borishi mumkin. Xususiylashtirish bitta kompaniyaga qaratilmagan, bu ochiq, xalqaro savdo bo‘ladi — dedi agentlik rahbari.
Sohibjon Murodovning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda xususiylashtirish strategiyasidan kelib chiqqan holda savdolarni tashkil etish ssenariysi ishlab chiqilmoqda.
Jarayonning keyingi bosqichlarida savdolarni tashkil etuvchi xalqaro konsultant tanlanishi, aktivlar xalqaro darajada baholanishi hamda audit o‘tkazilishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, 17-sentyabr kuni Davaktiv direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain kompaniyalarini xususiylashtirish bo‘yicha tender tez orada e’lon qilinishini ma’lum qilgandi.
