2027-yildan banklar kredit qarzini undirishda mijozning kartalarida kamida 680 ming so‘m qoldiradi

12.10.2026 09:07
O'zbekchaРусский
2027-yil 10-yanvardan boshlab banklar mijozning roziligisiz kredit yoki kafillik bo‘yicha qarzdorlikni undirganda, uning bank kartalarida kamida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmiga teng (bugungi kunda 680 ming so‘m) mablag‘ qoldirilishi kerak.
2027-yildan banklar kredit qarzini undirishda mijozning kartalarida kamida 680 ming so‘m qoldiradi

Foto: Bankers.uz

2027-yil 10-yanvardan boshlab banklar mijozning roziligisiz kredit yoki kafillik bo‘yicha qarzdorlikni undirganda, uning bank kartalarida muayyan miqdordagi mablag‘ni saqlab qolishi shart bo‘ladi.

Yangi tartibga ko‘ra, kartalarda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmiga teng mablag‘ qoldirilishi kerak. Bugungi kunda bu 680 ming so‘mga teng.

Tegishli o‘zgartirish Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 9-oktyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Yangi tartib nimani o‘zgartiradi?

Amaldagi nizomga ko‘ra, banklar kredit shartnomasida nazarda tutilgan hollarda mijozning alohida topshirig‘isiz uning hisobvaraqlaridan qarzdorlikni undirishi mumkin.

Biroq bunday undiruvdan keyin mijozning bank kartalarida qancha mablag‘ qolishi kerakligi umumiy tartibda belgilanmagan edi.

Nizomga kiritilgan o‘zgarishga muvofiq, banklar mijozning topshirig‘isiz kredit yoki kafillik bo‘yicha to‘lovlarni undirishda uning bank karta hisobvaraqlarida belgilangan minimal mablag‘ni saqlab qolishi kerak.

Bu talab har bir kartada alohida 680 ming so‘m qoldirishni anglatmaydi. Mazkur summa mijozning barcha bank kartalaridagi mablag‘lar hisobga olingan holda belgilanadi.

UZCARD tizimida ham shunday cheklov bor

UZCARD to‘lov tizimida 2026-yil 15-apreldan avtomatik akseptsiz mablag‘ yechib olish bo‘yicha alohida talab amal qiladi.

Unga ko‘ra, belgilangan holatlarda kartada kamida bazaviy hisoblash miqdorining uch barobariga teng mablag‘ saqlanishi kerak. Bugungi kunda bu 1 mln 320 ming so‘mga teng.

Biroq ushbu talabning istisnolari ham mavjud. Jumladan, mijoz karta ma’lumotlarini taqdim etib, ularni telefonga kelgan tasdiqlash kodi orqali tasdiqlagan holatlarda ushbu cheklov qo‘llanilmaydi.

Yangi qarorning farqi shundaki, minimal qoldiqni saqlash talabi tijorat banklari faoliyatiga qo‘yiladigan umumiy normativ talab sifatida belgilanmoqda. Bu o‘zgarish UZCARD tizimidagi amaldagi cheklovni bekor qilmaydi.

#kredit_to'lovi#avtomatik_akseptsiz

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan