Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

12.10.2026 17:30
O'zbekchaРусский
2026-yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga amerikalik iqtisodchilar Robert Holl va Maykl Vudford makroiqtisodiy barqarorlashtirishning mikroiqtisodiy asoslarini ishlab chiqqanliklari uchun loyiq ko‘rildi.
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

Foto: Niklas Elmehed / The Nobel Prize

12-oktyabr kuni Shvetsiya Qirollik fanlar akademiyasi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlarini e’lon qildi.

Bu yilgi mukofotga amerikalik iqtisodchilar Robert Holl va Maykl Vudford makroiqtisodiy barqarorlashtirishning mikroiqtisodiy asoslarini ishlab chiqqani uchun loyiq ko‘rildi.

Skrinshot: Nobel Prize / YouTube

Mukofot jamg‘armasi 12 mln Shvetsiya kronasini (taxminan 1,2 mln dollar) tashkil etib, u ikki olim o‘rtasida teng taqsimlanadi. An’anaga ko‘ra, mukofot egalariga 10-dekabr kuni topshiriladi.

Olimlar iqtisodiy beqarorlikni yumshatish va iqtisodiyotni barqarorlashtirishga yordam beradigan nazariy asoslarni ishlab chiqqan.

Ularning tadqiqotlari bugungi kunda hukumatlar va markaziy banklarga iqtisodiy o‘zgarishlarga qanday munosabat bildirish kerakligini tushunishda yordam berib kelmoqda.

Ularning ishlari nimasi bilan muhim?

Iqtisodiyotda pasayish va o‘sish davrlari almashib turadi. Iqtisodiy faollik susaygan paytda hukumat xarajatlarni oshirishi yoki markaziy bank foiz stavkalarini pasaytirishi mumkin.

Bu esa iste’mol va investitsiyalarni rag‘batlantirib, iqtisodiyotni tiklashga yordam beradi. Biroq bunday choralarni qachon va qay tarzda qo‘llash kerakligini aniqlash muhim masaladir.

1970-yillardagi neft inqirozlari bu boradagi muammolarni yaqqol yuzaga chiqardi. Ayrim G‘arb mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sekinlashganiga qaramay, inflyatsiya va ishsizlik yuqori darajada saqlanib qoldi.

Bu holat iqtisodiy jarayonlarni tushuntirish hamda hukumat va markaziy banklar qarorlarining ta’sirini baholash uchun yanada mukammal iqtisodiy modellar zarurligini ko‘rsatdi.

Robert Xoll va Maykl Vudfordning tadqiqotlari iqtisodiyotni tahlil qilishda aholi hamda kompaniyalar qabul qiladigan qarorlarni, shuningdek, ularning kelajak borasidagi kutilmalarini hisobga olishga qaratildi.

Illyustratsiya: Olimlarning tadqiqotlari asosida

Tadqiqotlarga ko‘ra, aholi kelajakda daromadlari kamayishini kutsa, xarajatlarini qisqartirishi mumkin. Kompaniyalar esa talab pasayishini kutib, investitsiyalar hajmini kamaytiradi.

Illyustratsiya: Olimlarning tadqiqotlari asosida

Natijada iste’mol va ishlab chiqarish qisqarib, iqtisodiy o‘sish sekinlashishi mumkin. Bundan tashqari, markaziy bankning foiz stavkalari bo‘yicha qarorlari va kelgusidagi siyosati haqidagi bayonotlari ham muhim ahamiyatga ega.

Illyustratsiya: Olimlarning tadqiqotlari asosida

Chunki aholi va kompaniyalar ayni shu ma’lumotlarga tayangan holda o‘z xarajatlari, jamg‘armalari hamda investitsiyalari bo‘yicha qaror qabul qiladi.

Illyustratsiya: Olimlarning tadqiqotlari asosida

Olimlarning ilmiy ishlari ana shu o‘zaro bog‘liqliklarni tushuntiruvchi makroiqtisodiy modellarni rivojlantirishga xizmat qildi.

Bunday modellar iqtisodiy zarbalar, jumladan, energetika inqirozlari yoki iste’molning keskin o‘zgarishi sharoitida iqtisodiyot qanday rivojlanishini baholash hamda yanada samarali iqtisodiy siyosat ishlab chiqish uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Robert Holl haqida

Robert Holl 1943-yilda AQShning Kaliforniya shtatida tug‘ilgan. 1967-yilda Massachusets texnologiya institutida (MIT) iqtisodiyot bo‘yicha doktorlik darajasini olgan.

Robert Holl hozirda Stenford universitetida professor sifatida faoliyat yuritadi. Uning ilmiy tadqiqotlari makroiqtisodiyot, iqtisodiy o‘sish va mehnat bozori kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Maykl Vudford haqida

Maykl Vudford 1955-yilda AQShning Massachusets shtatida tug‘ilgan. 1983-yilda Massachusets texnologiya institutida (MIT) iqtisodiyot bo‘yicha doktorlik darajasini olgan.

Maykl Vudford hozirda Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida professor bo‘lib ishlaydi. U, pul-kredit siyosati, inflyatsiya hamda markaziy banklar qarorlarining iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlari bilan mashhur.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini Joel Mokir, Filipp Agion va Piter Xauitt qo‘lga kiritgan edi.

#nobel#iqtisodiyot

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan