Toshkent shahrida soxta aloqa markazi tashkil etib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan jinoiy guruh aniqlandi.
Guruh noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan 8 mln dollar mablag‘ni kriptovalyutaga aylantirib, xorijga olib chiqishga erishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu holat fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi, 1989–2005-yillarda tug‘ilgan besh nafar shaxs Mirobod tumanidagi noturar binoni ijaraga olib, soxta aloqa markazi (call center) tashkil etgan.
Aniqlanishicha, guruh a’zolari maxsus qurilmalar yordamida turli banklar nomidan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularning nomiga firibgarlar kredit olmoqchi ekanini aytishgan.
Shu yo‘l bilan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, bank kartalaridagi pullarni o‘zlashtirishgan va ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirgan.

Foto: DXX
Ma’lum qilinishicha, jinoiy guruhga muqaddam sudlangan, 1979-yilda tug‘ilgan fuqaro rahbarlik qilgan. Guruh a’zolari orasida yirik banklardan birining bosh ofisi kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgan.
DXX ma’lum qilishicha, jinoiy guruh firibgarlik orqali qo‘lga kiritilgan 8 mln dollar mablag‘ni kriptovalyutaga aylantirib, xorijiy davlatga olib chiqqan va legallashtirgan.
DXX xabarida jinoiy guruhdan necha nafar fuqaro jabr ko‘rganiga aniqlik kiritilmagan.
Organning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, guruhga aloqador bo‘lgan 10 nafar shaxs aniqlangan.
Avvalroq Buxoro viloyatida Telegram orqali fuqarolarga zararli APK fayllarni yuborib, ularning bank kartalaridagi mablag‘larini o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etilgandi.
