Buxoro viloyatida Telegram orqali fuqarolarga zararli APK fayllarni yuborib, ularning bank kartalaridagi mablag‘larni o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etildi.
Bu holat viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida ma’lum bo‘ldi.
Departament o‘rganishlariga ko‘ra, mazkur jinoiy sxema ortida Samarqand viloyatida yashovchi 20 yoshga to‘lmagan yigit va uning turli hududlardagi sheriklari turgani aniqlangan.
Gumonlanuvchilar qo‘lga olinganida ulardan o‘nlab bank kartalari, SIM-kartalar va maxsus mobil qurilmalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Foto: Departament video tasviridan
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh fuqarolarga Telegram orqali yashirin boshqariladigan akkauntlardan zararli APK fayllarni yuborgan.
Ushbu fayllar telefonlarga o‘rnatilgach, jinoyatchilar qurilmadagi bank ma’lumotlari va pul o‘tkazmalari uchun yuborilgan SMS tasdiqlash kodlariga ega bo‘lgan.
Shundan so‘ng o‘g‘irlangan mablag‘lar begona shaxslar nomiga ochilgan tranzit bank kartalari va soxta akkauntlarga o‘tkazilgan.
Departamentning qayd etishicha, mazkur jinoiy sxemadan zarar ko‘rgan fuqarolar soni respublika bo‘yicha 60 nafardan oshgan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoiy guruhga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash, ularni qonuniy javobgarlikka tortish hamda jabrlangan fuqarolarning huquqlarini tiklash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda — deyiladi departament xabarida.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida Xorazmda xuddi shu zararli APK yuborish orqali 157 nafar fuqaroga jami 631 mln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazgan guruh fosh etilgan edi.
O‘tgan yilning sentyabr oyida esa zarar ko‘lami nisbatan katta bo‘lgan, 133 nafardan ortiq shaxsdan 3 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘larini o‘zlashtirgan jinoiy guruh aniqlangan edi.
