Xorazmda Telegram orqali zararli APK fayllar tarqatib, fuqarolarning pulini o‘zlashtirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Gurlan tumanida yashovchi fuqaro Telegram messenjerida AQSh va O‘zbekiston raqamlariga ochilgan turli akkauntlardan foydalanib, Android tizimi uchun mo‘ljallangan APK kengaytmali zararli dasturlarni tarqatib kelgan.
Ushbu virusli ilovalar orqali fuqarolarning mobil telefonlaridagi bank plastik kartalariga oid maxfiy ma’lumotlar, jumladan, SMS kodlar masofadan turib qo‘lga kiritilgan.
Keyinchalik olingan ma’lumotlar bukmekerlik ilovalari orqali ishlatilib, bank kartalardagi pul mablag‘lar yechib olingan.
Aniqlanishicha, jinoiy yo‘l bilan olingan mablag‘lar stavkalar tikish orqali yutuq puli sifatida o‘zlashtirilib, keyinchalik kriptovalyutaga aylantirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu jinoiy harakatlar natijasida 157 nafar fuqaroga jami 631 mln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan.
Shuningdek, gumonlanuvchi o‘z nomiga va foydalanib kelayotgan mobil SIM kartalariga jami 39 ta bank plastik kartasini ulab, ular orqali kriptobot, Bitget va Binance ilovalari yordamida qariyb 7 mlrd so‘mlik kriptovalyuta savdosini amalga oshirgani ham ma’lum bo‘ldi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan jabrlangan fuqarolar ro‘yxati shakllantirilmoqda.
Jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni ham topish maqsadida tezkor qidiruv hamda texnik tadbirlar davom ettirilayotgani aytildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning sentyabr oyida APK viruslarini tarqatish bilan shug‘ullangan 5 nafar shaxs qo‘lga olingan edi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular 133 nafardan ortiq shaxsdan 3 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.
