VEON guruhi (Beeline Uzbekistan egasi) Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless kompaniyasining 100 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Beeline Uzbekistan matbuotining ma’lum qilishicha, bitimning umumiy qiymati 207 mln dollarni tashkil etadi. Bunga Perfectum kompaniyasining 93 mln dollarlik mavjud moliyaviy qarzi ham kiritilgan.
Xabarda aytilishicha, bitim uchun zarur regulyator ruxsatnomalari olingan, uni oktyabr oyi oxirigacha yakunlash kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Perfectum kompaniyasi 850 MHz va 3 800 MHz diapazonlarida jami 115 MHz chastota resursiga ega. Shuningdek, kompaniya aktivlari qatoriga Nokia uskunalari asosida qurilgan mustaqil 5G tarmog‘i ham kiradi.
Bitim natijasida Beeline kompaniyasining chastota resurslari taxminan 50 foizga oshishi kutilmoqda.
Ushbu bitim mijozlarimizning aloqaga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun bizga qo‘shimcha resurs beradi — dedi Beeline Uzbekistan bosh direktori Yevgeniy Nastradin.
Kompaniyaning matbuot xabarida Perfectum va Beeline Uzbekistan yagona brend ostida birlashishi yoki Perfectum brendi tugatilishi haqida ma’lumot berilmagan.
Unda faqat Perfectum aktivlarini Beeline kompaniyasining mavjud tarmog‘iga integratsiya qilish rejalari bayon etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 18-avgust kuni Prezident Xorazm viloyatida tadbirkorlar kuni munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazgandi.
Unda taniqli tadbirkor, Perfectum aksiyadori Farhod Mamajonov so‘zga chiqib, VEON guruhi Perfectum mobil operatoriga 200 mln dollar sarmoya kiritmoqchi ekanini ma’lum qilgandi.

Farhod Mamadjonov / Foto: O‘zbekistan 24
Tadbirkor yig‘ilishda ushbu bitimga Raqobat qo‘mitasining ruxsati kerak bo‘layotganini aytib, bu borada prezidentdan yordam so‘ragan edi.
Davlat rahbari esa ushbu masalani shaxsan nazoratga olishini ma’lum qilgandi.
Avvalroq, Perfectum va uning amaldagi aksiyadorlari haqida ma’lumot bergandik.
