Beeline egasi Perfectum aloqa kompaniyasiga 200 mln dollar investitsiya kiritishi mumkin

19.08.2026 12:39
O'zbekchaРусский
Beeline aloqa operatoriga egalik qiluvchi VEON telekommunikatsiya xoldingi O‘zbekistondagi Perfectum mobil operatoriga 200 mln dollar investitsiya kiritmoqchi. Tomonlar bu borada iyun oyida kelishuvga erishgan, biroq bitimni yakunlash uchun Raqobat qo‘mitasining ruxsati talab etiladi.
Beeline egasi Perfectum aloqa kompaniyasiga 200 mln dollar investitsiya kiritishi mumkin

Farhod Mamadjonov / Foto: O‘zbekistan 24

Tadbirkor Farhod Mamadjonov Perfectum aloqa kompaniyasiga 200 mln dollar investitsiya jalb qilish bo‘yicha VEON xoldingi bilan kelishuvga erishganini ma’lum qildi.

Bu haqda tadbirkor 18-avgust kuni Xorazm viloyatida prezident bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz nashri.

Perfectum'ning asosiy aksiyadori Farhod Mamadjonov ikki yil avval Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda davlat rahbariga Britaniyaning Vodafone kompaniyasini jalb qilish rejalari haqida axborot berganini eslatdi.

Video: YouTube / UzDaily

Bir yoki ikki yil oldin Qoraqalpog‘istondagi uchrashuvda sizga Vodafone kompaniyasini jalb qilish rejalari haqida xabar bergan edim. Biroq buning o‘rniga biz Niderlandiyaning VEON kompaniyasi bilan ishlashni boshladik — deya tadbirkorning so‘zlaridan iqtibos keltiradi O‘zbekiston 24 telekanali syujetiga tayanib Gazeta.uz.

VEON — qarorgohi Amsterdamda joylashgan xalqaro telekommunikatsiya xoldingi. Uning tarkibiga O‘zbekistonda aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi Beeline kompaniyasi ham kiradi.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar iyun oyidayoq kelishuvga erishgan va hozirda 200 mln dollarlik investitsiya jalb qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyor.

Hozir bitta masala qolmoqda. Iyun oyida biz barcha kelishuvlarga erishdik, ular 200 mln dollarlik investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bitimni imzolashga tayyor. Bizga Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining xulosasini olishda yordam kerak. Gap biz jalb qiladigan 200 mln dollarlik investitsiya haqida bormoqda — dedi Farhod Mamadjonov.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi vakili ishtirok etayotgani bilan qiziqdi.

Idora raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev 24-iyul kuni iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga oldindan rozilik olish to‘g‘risida murojaat kelib tushganini ma’lum qildi.

Hozirda biz mobil aloqa bozorini o‘rganmoqdamiz. Bir-ikkita jihatni ishlab chiqish qoldi. Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, Tadbirkorlar kunigacha xulosa beramiz — dedi qo‘mita rahbari.

Prezident ushbu masalani shaxsan nazoratga olishini bildirdi.

Yaxshi, Farhod, bu masalani o‘zim nazoratga olaman — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Farhod Mamadjonov va Perfectum

2026-yilning 16-iyul kuni Raqobat qo‘mitasi Farhod Mamadjonovning Perfectum mobil operatorining 50 foizlik ulushni sotib olish bo‘yicha arizasini ma’qullagandi.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda kompaniyaning 50 foizi Abdumalik Iminovga, 37,5 foizi IMC-Capital MChJga, yana 12,5 foizi Kamron Akbarovga tegishli bo‘lgan.

Kompaniyaning ustav kapitali 304,62 mlrd so‘mni tashkil etgan, bitimdan so‘ng esa 572,4 mlrd so‘mga yetgan.

Hozirda muassislar orasida Mamadjonov (50%), shuningdek, UZCARD to‘lov tizimi aksiyadorlari IMC-Capital (41,23%) va Kamron Akbarov (8,77%) qayd etilgan.

Perfectum 2024-yil boshida to‘liq xususiylashtirilgan, biroq ulushlarni sotish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda e’lon qilinmagan. O‘shanda operatorning 100 foizlik ulushi Abdumalik Iminovga tegishli edi.

Ma’lumot uchun, Farhod Mamadjonov O‘zbekistondagi taniqli tadbirkorlardan biri sanaladi. U InFinBank ta’sischisi va asosiy aksiyadori, shuningdek, UzTex to‘qimachilik korxonasining egasidir.

Shu bilan birga, uning yana bir qator bizneslarda ulushi bor. Avvalroq, uning ta’sischiligida havo transporti sohasida faoliyat yurituvchi Safo Airlines kompaniyasi tashkil etilgandi.

#perfectum

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan