Tadbirkor Farhod Mamajonov Perfectum savdo belgisi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Rubicon Wireless Communication” MChJning 50 foiz ulushini sotib olmoqda.
Raqobat qo‘mitasi Mamajonovning ushbu bitimni ma’qullash haqidagi arizasini ko‘rib chiqib, uni amalga oshirishga rozilik berdi.
Qo‘mita o‘tkazgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim tovar bozoridagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, degan xulosaga kelingan.
.jpg)
O'ngda Farhod Mamajonov / Foto: UzTex
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Perfectum kompaniyasi xususiylashtirishga tayyorlanadigan korxonalar ro‘yxatiga kiritilgandi.
O‘sha paytda kompaniyaning 65 foizi davlatga, qolgan 35 foizi esa “Amis Protrade International, INC” xorijiy kompaniyasiga tegishli edi.
2024-yilning mart oyiga kelib, kompaniyaning 100 foiz ulushi jismoniy shaxs Iminov Abdumalik Validjanovich nazoratiga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Biroq ushbu xususiylashtirish yuzasidan davlat tashkilotlari tomonidan biror joyda xabar berilmagan.
Hozirda Perfectum kompaniyasining 50 foiz ulushiga Abdumalik Iminov, qolgan qismiga esa UZCARD kompaniyasining ikki nafar aksiyadori egalik qilishi ko‘rsatilgan.
Bular — “IMC-Capital” MChJ xorijiy korxonasi hamda Akbarov Kamron Anvarovichdir.

Manba: stat.uz
Farhod Mamajonovga to‘xtaladigan bo‘lsak, u O‘zbekistondagi taniqli tadbirkorlardan biridir.
Mamajonov InFinBank’ning asosiy aksiyadori, UzTex to‘qimachilik kompaniyasining aksiyadori va yana bir qancha bizneslar egasi sanaladi.
2024-yil avgust oyida u Prezident Shavkat Mirziyoyevga Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda 5G Standalone mobil aloqa tarmog‘ini ishga tushirish rejalari haqida ma’lumot bergandi.
Video: YouTube / UzDaily
Avvalroq Farhod Mamajonov ta’sischiligida yangi aviakompaniya ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida MobiUz aloqa kompaniyasi amerikalik investorga 351 mln dollarga sotilgan edi.
