20-oktyabr kuni Raqobat qo‘mitasi VEON guruhining Perfectum kompaniyasini sotib olishiga oldindan ruxsat berganini ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, qo‘mita maxsus komissiyasi bitimni ko‘rib chiqib, unga raqobatni ta’minlashga qaratilgan quyidagi shartlar asosida rozilik bergan:
1. Perfectum operatorining kamida 3 yil davomida alohida faoliyat yuritishini hamda 5G Standalone texnologiyasini boshqa hududlarga kengaytirishni ta’minlash.
2. Amaldagi abonentlar uchun 5G FWA tariflarini 12 oy davomida saqlash, yangi abonentlarga qulay shartlar yaratish va internetning o‘rtacha tezligini 300 Mbit/s dan pasaytirmaslik.
3. Abonentlarga shartnoma predmetiga aloqador bo‘lmagan shartlarni majburan yuklamaslik va ularning boshqa mobil operatorlarga o‘tish erkinligini cheklamaslik.
4. Abonentlarni Beeline va VEON guruhiga tegishli raqamli platformalar xizmatlaridan foydalanishga majburlamaslik hamda raqobatchi xizmatlardan foydalanishini cheklamaslik.
5. Abonentlarga xizmat ko‘rsatish shartlarini asossiz ravishda yomonlashtirmaslik va ularning huquqlarini himoya qilish.
6. Abonentlarning shaxsiy va tijorat ma’lumotlari himoyasini ta’minlash, ulardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik hamda qonunchilik talablariga zid ravishda xorijiy serverlarga uzatmaslik.
7. Raqobat to‘g‘risidagi Qonun talablariga rioya etish va bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash.
Eslatib o‘tish joizki, 19-oktyabr kuni Beeline Uzbekistan egasi bo‘lgan VEON guruhi Perfectum kompaniyasining 100 foiz ulushini sotib olayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Beeline kompaniyasining matbuot xabarida ushbu bitim uchun regulyator roziligi olingani, uni yakunlash esa oktyabr oyining oxiriga rejalashtirilgani aytilgandi.
Biroq Raqobat qo‘mitasi bundan bir kun o‘tib, bitimga rozilik berganini e’lon qildi.
Beeline matbuot xabariga ko‘ra, bitim natijasida kompaniyaning chastota resurslari taxminan 50 foizga oshishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 18-avgust kuni Prezident Xorazm viloyatida tadbirkorlar kuni munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazgandi.
Unda taniqli tadbirkor, Perfectum aksiyadori Farhod Mamajonov so‘zga chiqib, VEON guruhi Perfectum mobil operatoriga 200 mln dollar sarmoya kiritmoqchi ekanini ma’lum qilgandi.
Tadbirkor yig‘ilishda ushbu bitimga Raqobat qo‘mitasining ruxsati kerak bo‘layotganini aytib, bu borada prezidentdan yordam so‘ragan edi.
Davlat rahbari esa ushbu masalani shaxsan nazoratga olishini ma’lum qilgandi.
