O‘zbekiston banklari to‘qqiz oyda qancha sof foyda ko‘rdi — ro‘yxat

20.10.2026 23:00
O'zbekchaРусский
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston banklari 15 trln 263 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 4 trln 387 mlrd so‘mga yoki 40 foizga ko‘pdir. Foydaning bunday o‘sishiga Ipoteka-bank eng ko‘p hissa qo‘shgan.
O‘zbekiston banklari to‘qqiz oyda qancha sof foyda ko‘rdi — ro‘yxat

Foto: Bankers.uz

Ahbor-Reyting ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklari 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 15 trln 263 mlrd so‘m sof foyda oldi.

Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 4 trln 387 mlrd so‘mga yoki 40 foizga ko‘pdir.

Ushbu davrda mavjud 34 ta bankdan 24 tasining moliyaviy natijasi yaxshilangan, qolgan 10 tasining esa sof foydasi kamaygan yoki moliyaviy zarar qayd etgan.

Mazkur to‘qqiz oylik davrni faqat Mikrokreditbank hamda TBC Bank moliyaviy zarar bilan yakunlagan.

Infografika: tanga.uz

Beshta bank, jumladan, Ipoteka-bank, O‘zmilliybank, Hamkorbank, Kapitalbank hamda SQB 1 trln so‘mdan ko‘proq sof foyda olgan.

E’tiborli jihati, Ipoteka-bank o‘tgan yilning dastlabki to‘qqiz oyida 102 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgandi.

Joriy davrda uning foydasi 20 barobardan ko‘proqqa oshib, 2 trln 72 mlrd so‘m sof foyda bilan O‘zbekiston banklari ichida birinchi o‘rinda qayd etilgan.

Davlat banklari

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida mavjud to‘qqizta davlat banki jami 4 trln 649 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi.

Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 605 mlrd so‘mga yoki 15 foizga ko‘pdir.

Davlat banklari ichida faqat Mikrokreditbank (-50,4 mlrd so‘m) ushbu davrni moliyaviy zarar bilan yakunlagan.

SQB hamda BRB sof foydasida esa o‘tgan yilga nisbatan pasayish kuzatilgan. Qolgan davlat banklarining foydasi esa o‘sgan.

Eng yuqori o‘sish Agrobank (5,2 barobarga) hamda Xalq Bankida (3,1 barobarga) kuzatilgan.

Ma’lumot uchun, davlat banklari tijorat faoliyati bilan bir qatorda, iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni ham bajaradi.

Shu sababli ular davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Bu esa sof bozor sharoitida ularning daromadliligini xolis baholashni qiyinlashtiradi.

Boshqa banklar

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar jami 10 trln 614 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi.

Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 3 trln 782 mlrd so‘mga yoki 55 foizga ko‘pdir. Ushbu o‘sishga Ipoteka-bank salkam 2 trln so‘mlik hissa qo‘shgan.

Ushbu to‘qqiz oylik davrni mazkur banklar orasidan faqatgina TBC Bank zarar bilan, qolganlari esa sof foyda bilan yakunlagan.

Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar ichida Ipoteka-bank, Hamkorbank hamda Kapitalbank 1 trln so‘mdan ko‘proq sof foyda ko‘rgan.

Ushbu davrda foydasi eng ko‘p oshgan bank Uzum Bank bo‘lib, uning sof foydasi o‘tgan yilga nisbatan 64 barobarga oshib, 485 mlrd so‘mga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval O‘zbekiston banklarining yarim yillik moliyaviy natijalari haqida ma’lumot bergandik.

#banklar#sof_foyda

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan