Bugungi kunda mikroqarzni mobil ilova orqali bir necha daqiqada rasmiylashtirish mumkin. Aynan shu qulaylik ayrim hollarda iste’molchining shartnoma shartlarini to‘liq o‘rganmasdan majburiyat olishiga sabab bo‘lmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mikroqarz bo‘yicha murojaatlarni tahlil qilib, iste’molchilar duch kelayotgan muammolar haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilishicha, iste’molchilar ko‘p hollarda shartnoma shartlarini to‘liq o‘qimaydi.
Shuningdek, o‘z huquq va majburiyatlarini yetarlicha bilmaydi hamda to‘lovni kechiktirish oqibatlarini oldindan baholamaydi.
Qo‘mita buning natijasida ular kutilmagan moliyaviy majburiyatlarga duch kelayotganini ta’kidlab, o‘rganilgan mikroqarz shartnomalaridan birini misol tariqasida keltirdi.
Tahlil qilingan shartnomalardan birida 19 mln 656 ming so‘m miqdorida mikroqarz belgilangan. Biroq ushbu mablag‘ning 13 mln 650 ming so‘mi iste’molchining kartasiga o‘tkazilgan, 6 mln so‘mi esa operator haqi sifatida mablag‘ berilgan paytda avtomatik undirilgan — deyiladi xabarda.
Qo‘mita iste’molchilarga qarz beruvchi ayrim hollarda mablag‘ni muddatidan oldin qaytarishni talab qilish huquqiga egaligini eslatdi. Bu qonunchilik bilan ham belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 736-moddasiga ko‘ra, agar qarzni qismlarga bo‘lib qaytarish belgilangan bo‘lsa va qarz oluvchi navbatdagi to‘lov muddatini buzsa, qarz beruvchi qolgan summani muddatidan oldin qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Nazorat organi mikroqarz olishdan avval uning quyidagi jihatlariga aniqlik kiritishni tavsiya etdi:
- Shartnoma bo‘yicha amalda qancha mablag‘dan foydalanasiz?
- Jami qancha summa qaytarishingiz kerak?
- Oylik to‘lov miqdori va muddatlari qanday?
- To‘lovni kechiktirsangiz nima bo‘ladi?
- Qolgan qarz muddatidan oldin talab qilinishi mumkinmi?
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Markaziy bankka kredit bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish bo‘yicha taklif kiritgandi.
