O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun ilk litsenziya berildi

26.10.2026 11:47
O'zbekchaРусский
Markaziy bank Openbank aksiyadorlik jamiyatiga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berdi. Bu O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun berilgan ilk litsenziya hisoblanadi.
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun ilk litsenziya berildi

Foto: tanga.uz

Markaziy bank Openbank aksiyadorlik jamiyatiga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berdi.

Bu O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun berilgan ilk litsenziya hisoblanadi. Qaror Markaziy bank boshqaruvi tomonidan 2026-yil 23-oktyabrda qabul qilingan.

Ushbu litsenziya bankka Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunning 5¹-moddasida nazarda tutilgan quyidagi islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beradi.

1. Foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish.

2. Vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki investitsiyaviy omonatlarga jalb etish.

3. Tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish.

4. Tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali mijozni moliyalashtirish.

5. Birgalikdagi faoliyatni (sherikchilik) amalga oshirish yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish.

6. Mol-mulkni islomiy ijaraga berish (sotib olish huquqi bilan).

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov avgust oyida bergan intervyusida O‘zbekistonda islomiy bank qachon paydo bo‘lishi haqidagi savolga javob bergandi. 

U o‘shanda islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish istagida bo‘lgan banklarga litsenziya berish jarayoni boshlanganini, ayni damda litsenziyalash ishlari ketayotganini aytgandi. 

Shuningdek, mamlakatda dastlab an’anaviy banklar tarkibida islomiy darchalar paydo bo‘lishi kutilayotganini bildirgandi.

Dastlab, menimcha, islomiy darchalar paydo bo‘ladi. O‘sha islomiy darcha orqali bevosita xizmatlar ko‘rsatiladi. U uncha ko‘p cho‘zilmasa kerak. Yilning oxirigacha, menimcha, xizmatlar taklif qilib boshlansa kerak — degan edi Markaziy bank vakili.
#islomiy_bank#open_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan