Sentyabr oyida banklarning muammoli kreditlari 1 trln so‘mga ortdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
1-oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston banklarining kredit portfeli 659 trln 87 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Shundan 25 trln 41 mlrd so‘mi yoki 3,8 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Manba: Markaziy bank
Sentyabr oyida banklarning muammoli kreditlari hajmi 1 trln 18 mlrd so‘mga ko‘paygan.
Solishtirish uchun, avgust oyida bu ko‘rsatkich 95 mlrd so‘mga ortgan edi.
Davlat banklari
1-oktyabr holatiga ko‘ra, davlat banklarining kredit portfeli 425 trln 820 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Shundan 16 trln 943 mlrd so‘mi yoki 4 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Sentyabr oyida davlat banklarining muammoli kreditlari hajmi 397 mlrd so‘mga ko‘paygan.
Davlat banklari ichida ushbu oyda Mikrokreditbank (+601 mlrd so‘m) hamda Xalq Bankida (+32 mlrd so‘m) muammoli kreditlar eng ko‘p oshgan.
Asakabank (-97 mlrd so‘m), O‘zmilliybank (-65 mlrd so‘m) hamda Aloqabankning (-46 mlrd so‘m) bu oyda muammoli kreditlari sezilarli darajada kamaygan.
Qolgan davlat banklarining muammoli kreditlarida esa sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.|
Boshqa banklar
1-oktyabr holatiga ko‘ra, xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning kredit portfeli 233 trln 267 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Shundan 8 trln 99 mlrd so‘mi yoki 3,5 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Sentyabr oyida ushbu banklarning muammoli kreditlari 622 mlrd so‘mga ortgan.
Banklar kesimida Orient Finans Bank (+312 mlrd so‘m), mybank (+196 mlrd so‘m), Ipoteka bank (+127 mlrd so‘m) hamda Anorbank (+69 mlrd so‘m) muammoli kreditlari eng ko‘p oshgan.
Ziraat bank (-65 mlrd so‘m), Kapitalbank (-37 mlrd so‘m), Hayot Bank (-25 mlrd so‘m) hamda Universalbankning (-24 mlrd so‘m) ushbu oyda muammoli kreditlari sezilarli darajada kamaygan.
Davlat ulushi mavjud bo‘lmagan qolgan banklarning muammoli kreditlarida sezilarli o‘zgarish bo‘lmagan.
Bundan avval, avgust oyida banklarning muammoli kreditlari hajmi qanday o‘zgargani haqida ma’lumot bergandik.
