O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7,2 mln so‘mdan oshdi

28.10.2026 14:01
O'zbekchaРусский
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 7 mln 274 ming so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 1 mln 108 ming so‘mga yoki 18 foizga ko‘pdir.
O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7,2 mln so‘mdan oshdi

Foto: Zafar Xalilov / Sputnik

Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda o‘rtacha nominal ish haqi bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni taqdim etdi.

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 7 mln 274 ming so‘mni tashkil etdi.

O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 6 mln 166 ming so‘m edi. Shunday qilib, bir yil ichida o‘rtacha oylik nominal ish haqi 1 mln 108 ming so‘mga yoki 18 foizga oshgan.

Hududlar kesimida

Ushbu to‘qqiz oylik davrda hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik nominal ish haqi Toshkent shahrida qayd etilib, 12 mln 300 ming so‘mni tashkil etgan.

Eng past ko‘rsatkich esa hamon Qashqadaryo (4 mln 970 ming so‘m) va Surxondaryo (4 mln 989 ming so‘m) viloyatlarida saqlanib qolmoqda.

Infografika: tanga.uz

Oylik ish haqining o‘sishi borasida ushbu davrda Namangan viloyati peshqadamlik qilgan.

Hududda o‘rtacha oylik nominal ish haqi o‘tgan yilga nisbatan 20,3 foizga oshib, 5 mln 396 ming so‘mni tashkil etgan.

Eng past o‘sish esa Samarqand (+11,5%) hamda Navoiy (+15,5%) viloyatlarida kuzatilgan.

Biroq shunga qaramay, Navoiy viloyati 8 mln 821 ming so‘m o‘rtacha ish haqi bilan poytaxtdan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi.

Sohalar bo‘yicha

Sohalar kesimida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati vakillari hamon yetakchilik qilmoqda.

Joriy davrda ularning o‘rtacha oylik nominal ish haqi 19 mln 712 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 mln 980 ming so‘mga oshgan.

Infografika: tanga.uz

Eng past o‘rtacha ish haqi esa hamon sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida kuzatilmoqda.

Ularning o‘rtacha oylik nominal ish haqi ushbu davrda 4 mln 454 ming so‘mni tashkil etgan. Solishtirish uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 3 mln 768 ming so‘m edi.

Maoshlar savdo sohasida (+11%) eng sekin o‘sayotgan bo‘lsa, tashish va saqlash (+19,8%) hamda ta’lim (+19,6%) sohalarida eng tez o‘smoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 7 mln 91 ming so‘m edi.

#ish_haqi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan