Markaziy bankka o‘nga yaqin tijorat banki islomiy bank litsenziyasini olish uchun ariza topshirgan.
Bu haqda Markaziy bankning Litsenziyalash va ruxsat berish tartibotlari departamenti katta mutaxassisi Hamidulla Xoliqov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, hozirda banklar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ko‘rib chiqilmoqda.
Arizalar ko‘rib chiqilmoqda va tez orada qo‘shimcha litsenziyalar berilishi kutilmoqda. Agar taqdim etilgan hujjatlar va ariza beruvchilar qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lsa, ularga litsenziyalar beriladi — dedi Xoliqov.
Uning ta’kidlashicha, islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish banklarning o‘z qaroriga bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2027-yilda kamida bitta bankda, 2030-yilgacha esa kamida uchta bankda islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish maqsad qilib belgilangan.
Xoliqovning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar yuqori chegara hisoblanmaydi.
Agar boshqa banklar ham qonunchilik talablarini bajarsa, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklar soni yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, 23-oktyabr kuni Markaziy bank Open bankka islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun birinchi litsenziyani bergandi.
