Milliy banklararo protsessing markazi (HUMO to‘lov tizimi) 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyi bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, to‘lov tizimi ushbu davrda 587 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan.
Bu rasmiy kurs bo‘yicha hisoblaganda 48 mln 755 ming dollarga teng bo‘ladi.
To‘lov tizimining sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 barobarga yoki 363 mlrd so‘mga ko‘paygan.
Kompaniya tushumi esa 628 mlrd so‘mga yoki 2,7 barobarga oshib, 1 trln so‘mni tashkil etgan.
Xarajatlar
HUMO to‘lov tizimining ushbu to‘qqiz oylik davrda xarajatlari ham sezilarli darajada oshgan.
Jumladan, ma’muriy va boshqa operatsion xarajatlari 2 barobardan ko‘proqqa oshib, mos ravishda 71 mlrd so‘m va 58 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Kompaniya o‘tgan yilning mos davrida sotish xarajatlari uchun 2 mlrd so‘m sarflagan bo‘lsa, joriy davrda 48 mlrd so‘m sarflagan.
Foyda solig‘i bo‘yicha xarajatlari ham IT Park imtiyozlari to‘xtatilgach, sezilarli darajada oshgan.
Mazkur xarajat o‘tgan yilning mos davrida 14 mlrd so‘m bo‘lgan bo‘lsa, joriy davrda 73 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun, UZCARD to‘lov tizimi ushbu to‘qqiz oyda 1 trln 607 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgandi.
